,

Moskvadagi “Krokus Siti Xoll” konsert majmuasidagi terakt. Shu paytgacha ma’lum bo‘lgan asosiy voqealar

Moskva viloyati Krasnogorsk shahrida joylashgan “Krokus Siti Xoll” konsert majmuasida “Piknik” guruhi konserti boshlanishidan oldin otishma va yong‘in yuz bergani haqida Rossiya Federal xavfsizlik xizmati xabar qildi.

Zalga parter orqali kamuflyaj kiygan kamida uch nafar erkak bostirib kirib, odamlarni o‘qqa tutgan va uchqun chiqaruvchi shashkalar uloqtirgan.

Yong‘in maydoni 12,9 ming kvadrat metrga yetgan. Epitsentr, dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, tomoshabinlar zalida joylashgan. Uning tomi qulab tushgan.

Terakt oqibatida, so‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, 60 dan ortiq odam halok bo‘lgan, qurbonlar soni o‘sishi mumkin.

RF sog‘liqni saqlash vaziri Mixail Murashko ma’lum qilishicha, 115 kishi kasalxonaga yotqizilgan, ularning besh nafari bolalar. 60 nafar katta odam va bir nafar bola og‘ir ahvolda.

Putin terakt oqibatida jabrlanganlarga sog‘ayib ketishni tiladi va shifokorlarga minnatdorlik bildirdi, uning gaplarini bosh vazir o‘rinbosari Tatyana Golikova yetkazdi.

FXX, IIV, Tergov qo‘mitasi va Rosgvardiya rahbarlari Putinga terakt yuzasidan surishtiruv haqida hisobot berdi.

Rossiya Tergov qo‘mitasi terakt oqibatida halok bo‘lganlar jasadlarida portlovchi qurilmalar bo‘lgani haqidagi ma’lumotlarni rad etdi.

AQSH mart oyida Moskvada tayyorlanayotgan terakt haqida ma’lumotlarni qo‘lga kiritgan va ularni Rossiya tomoni bilan bo‘lishgan, deya ma’lum qildi Oq uy.

AQSH hukumati fikricha, “Krokus”ga hujum ortida ISHIDning Afg‘onistondagi yacheykasi — “Viloyat Xuroson” turgan bo‘lishi mumkin.

ISHID guruhi (tashkilot dunyoning ko‘pchilik mamlakatlarida terrorchilik tashkiloti deb tan olingan) “Krokus”ga hujum yuzasidan javobgarlikni o‘z zimmasiga oldi.

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev konsert zalida bo‘lib o‘tgan fojiali voqealar yuzasidan Rossiya prezidenti Vladimir Putinga chuqur hamdardlik izhor etdi. O‘zbekiston TIV ushbu terrorchilik harakatini qat’iy qoraladi.

AQSH prezidenti Jo Bayden terrorchilik harakati fonida Putin bilan qo‘ng‘iroqlashmoqchi emas, deya ma’lum qilishdi Oq uydan.

Yaman xusiylari ham “Krokus”dagi teraktni qoralab, qurbonlar oilalariga hamdardlik bildirdi.

If you have found a spelling error, please, notify us by selecting that text and pressing Ctrl+Enter.