Joriy yilning o’tgan qismida da’vogarlar foydasiga 13,8 trln. so‘m undirish haqida sud qarorlari qabul qilingan
Joriy yilning birinchi yarmida iqtisodiy sudlar tomonidan birinchi instansiyada 194 421 ta ish ko‘rib chiqilib, hal etildi. Shundan da’vogarlar foydasiga 13,8 trln. so‘m undirish haqida sud qarorlari qabul qilingan.
O‘tgan davrda eng ko‘p ishlar Toshkent shahar, Toshkent, Surxondaryo, Jizzax va Qashqadaryo viloyatlari iqtisodiy sudlari tomonidan ko‘rib, hal etilgan.
Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlarini huquqiy himoya qilishga oid 35 424 ta iqtisodiy ish ko‘rib chiqildi hamda ular foydasiga 3,6 trln. so‘m miqdorida mablag‘ undirilishi belgilandi.
Hisobot davrida iqtisodiy sudlarda ko‘rilgan ishlarning asosiy qismini banklardagi hisobvaraqlar bo‘yicha operatsiyalarni to‘xtatib turish, mahsulot yetkazib berish, kommunal xizmat ko‘rsatish, to‘lovga qobiliyatsizlikka oid hamda kredit shartnomalaridan kelib chiqadigan nizolar tashkil etdi.
Apellyatsiya tartibida 3 528 ta iqtisodiy ish ko‘rib chiqildi. Birinchi instansiya sudlari tomonidan chiqarilgan 433 ta qaror bekor qilinib, 306 ta sud qarori o‘zgartirildi.
Kassatsiya tartibida 778 ta iqtisodiy ish ko‘rib chiqildi. Birinchi instansiya sudlari tomonidan chiqarilgan 128 ta qaror bekor qilinib, 74 ta sud qarori o‘zgartirildi.
Taftish tartibida 1 166 ta iqtisodiy ish ko‘rib chiqildi. Quyi instansiya sudlari tomonidan chiqarilgan 109 ta qaror bekor qilinib, 43 ta sud qarori o‘zgartirildi.
Oliy sudning iqtisodiy ishlar bo‘yicha sudlov hay’ati tomonidan taftish tartibida 191 ta ish ko‘rib chiqildi. Quyi sudlar tomonidan chiqarilgan 62 ta qaror bekor qilinib, 15 ta sud qarori o‘zgartirildi.
Sharhlar