Kusherbayev: Elektr energiyasi uchun oshirilgan tarif, tarif siyosati prinsipiga zid emasmi?

Foto: “RBK”

Rasul Kusherbayev o‘z Telegram-kanalida elektr energiyasi uchun oshirilgan tarif, tarif siyosati prinsipiga zid yoki zid emasligi masalasini ko‘tardi.

Qayd etilishicha, Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 13-apreldagi 310-son qarori bilan “2030 yilgacha bo‘lgan davrda O’zbekiston Respublikasi elektr energetika tarmog‘idagi tarif siyosatining asosiy yo‘nalishlari” tasdiqlangan.

Unda “elektr energiyasi uchun belgilangan tartibda tasdiqlangan tariflar 2023-yildan boshlab, uch yildan kam bo‘lmagan muddatga amal qiladi”, degan qoida tarif siyosatining asosiy prinsiplaridan biri sifatida belgilangan.

“Agar ushbu prinsip yil boshidan buyon kuchda bo‘lsa, joriy yilning 1-mayidan boshlab elektr energiyasi uchun oshirilgan tarifni qanday izohlash mumkin?” — deya norozi bo‘ladi Kusherbayev.

U Energetika vazirligi yoki boshqa mas’ul organdan izoh berishni so‘ragan.

2024-yil 1-maydan boshlab O’zbekistonda elektr energiyasi va gaz tariflarini oshirish rejalashtirilmoqda, bu 2019-yil avgust oyidan beri birinchi marta shunday o‘zgarish bo‘ladi. Tariflarning oshishi bilan parallel ravishda energiya iste’moli uchun ijtimoiy normalar ham joriy etiladi, bu davlatning uy xo‘jaliklari darajasida energiya iste’molini tartibga solish bo‘yicha sa’y-harakatlarining bir qismidir. Keyingi tariflarning oshishi 2025-yil aprel oyida bo‘lishi kutilmoqda. Hukumatning bu qarori davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlanadigan narxlarga o‘rganib qolgan iste’molchilar orasida qizg‘in bahs-munozaralarga sabab bo‘ldi.

If you have found a spelling error, please, notify us by selecting that text and pressing Ctrl+Enter.