“Tekshirsa – qo‘rqadi, qo‘rqsa – soliq to‘laydi”, degan qarash bilan ish yurmaydi – Mirziyoyev
Prezidentimiz ta’kidlaganidek, “tekshirsa – qo‘rqadi, qo‘rqsa – soliq to‘laydi”, degan qarash bilan ish yurmasligini hamma, ayniqsa soliqchilar tushunib yetdi, deb yozmoqda davlat rahbarining matbuot xizmati.
Sodda qilib aytganda, mansabdorlar tadbirkor bilan muloqot qilishga o‘rgatilib, biznes muhitini yaxshilash bo‘yicha tub burilish yasaldi.
Olti oyda to‘g‘ridan to‘g‘ri xorijiy investitsiya hajmi o‘tgan yilga nisbatan 2 karra o‘sib, 14 milliard dollarga yetdi.
Bu – investorlarning O‘zbekistonda biznes qilishga ishonchi ortib borayotganidan dalolat.
Davlat rahbari ushbu raqamlarning birortasi 33 yillik tariximizda bo‘lmaganini qayd etdi.
“Hali imkoniyatlarimiz bundan karra-karra ko‘p. Eng muhimi, ularni ishga solishga qodir bo‘lgan sizdek vatanparvar va jonkuyar tadbirkorlarimiz bor. Aholimiz 38 millionga yaqinlashib borayapti, ularning daromadi ham kundan-kunga ko‘paymoqda.
Qo‘shni davlatlar bilan hamkorlik aloqalarimiz misli ko‘rilmagan darajaga chiqdi. Mamlakatimiz mahalliy korxonalar uchun ham, chet el kompaniyalari uchun ham katta bozorga, mintaqadagi sanoat xabiga aylanib ulgurdi”, – dedi Prezident.
Hozirgi murakkab sharoitda barcha davlatlar o‘z yurtidagi ishlab chiqaruvchilarni himoya qilishni ustuvor yo‘nalish sifatida ko‘rayotgani ta’kidlandi. O‘zbekiston ham raqobatbardosh mahsulotlar ishlab chiqarishni rag‘batlantirish bo‘yicha tadbirkorlarni yanada keng qo‘llab-quvvatlaydi.
Prezident tadbirkorlik uchun qo‘shimcha sharoitlar yaratish bo‘yicha muhim yangi tashabbuslarni ilgari surdi.
Birinchi yo‘nalish – kichik va o‘rta biznes uchun moliyaviy resurslarni ko‘paytirish.
O‘tgan yili kichik va o‘rta biznesni moliyaviy qo‘llab-quvvatlash uchun yangi tizim joriy qilingan edi. Bu borada Biznesni rivojlantirish banki va Tadbirkorlikni rivojlantirish kompaniyasi tashkil etilib, yil boshidan 35 mingdan ortiq tadbirkorlarga jami 3,5 trillion so‘m mikrokreditlar ajratildi.
Bundan tashqari, “Biznesga birinchi qadam” dasturi bo‘yicha tadbirkorlikni endi boshlayotgan 115 ming aholiga 1 trillion so‘mlik mikroqarzlar berildi.
Ushbu tajriba yanada kengaytirilishi belgilandi.
Sharhlar