O‘zbekiston Milliy universiteti dunyoning eng yaxshi 1000 ta universitetlari ro‘yxatiga kiritildi

Фото: Спутник

Quacquarelli Symonds (QS) Xalqaro oliy ta’lim tahliliy agentligi 2025-yil uchun dunyoning eng yaxshi universitetlari reytingi – QS World University Rankings 2025 natijalarini e’lon qildi, deb xabar bermoqda O‘zA.

O‘zbekiston Milliy universiteti dunyoning eng yaxshi universitetlari reytingida (QS World University Rankings 2025) 781-790 o‘rinlarda qayd etilib, TOP-1000 universitetlar qatoridan joy oldi.

Mazkur global reyting universitetlarning Barqaror rivojlanish maqsadlariga va ularning bitiruvchilarni ish bilan ta’minlash istiqbollariga qo‘shgan hissasi va boshqa faktorlarga asoslanadi.

Ushbu natija yangi global reytingda O’zbekistonning oliy ta’lim tizimidagi ilk muvaffaqiyati hisoblanib, xorijiy mutaxassislar ulushi, o‘qituvchi va talabalar sonining nisbati bo‘yicha salmoqli yutuqlarni ko‘rsatmoqda.

Mirzo Ulug‘bek nomidagi O’zbekiston Milliy universiteti xorijiy o‘qituvchilarning ulushi ko‘rsatkichi bo‘yicha dunyo reytingida 177-o‘rinni egallagan bo‘lsa, Markaziy Osiyo oliy o‘quv yurtlari orasida ikkinchi pog‘onani band etdi.

Milliy universitetning “Akademik obro‘” indikatori bo‘yicha dunyodagi eng yaxshi 400 ta oliy o‘quv yurtlari qatoriga kiritilgani o‘ziga xos voqea bo‘ldi. “Akademik obro‘” indikatori bo‘yicha dunyodagi mavjud oliy ta’lim muassasalari orasida 347-o‘rinda ko‘rsatilishi bu, ta’lim muassasasining xalqaro hamkorlikdagi faol ishtiroki, samarali strategik harakat omillari, innovatsion yondashuvlardan foydalanish hamda jamiyatda o‘z ta’sir kuchiga ega bo‘lib borayotganidan dalolatdir, deyiladi xabarda.

If you have found a spelling error, please, notify us by selecting that text and pressing Ctrl+Enter.