“Toshkent-tovar” TIFBP avtobusni imtiyoz asosida, ya’ni bojxona to‘lovlarisiz olib kirishga urinishning oldi olindi
Toshkent shahar bojxona boshqarmasi “Toshkent-tovar” tashqi iqtisodiy faoliyat bojxona postida xorijdan keltirilgan avtobusni imtiyoz asosida, ya’ni bojxona to‘lovlarisiz olib kirishga bo‘lgan noqonuniy urinishning oldi olindi. Bu haqda Poytaxt Bojxona boshqarmasi matbuot xizmati xabar beryapti.
“Gap shundaki, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston Respublikasi hududiga import qilishda bojxona boji va qo‘shilgan qiymat solig‘idan ozod etiladigan o‘xshashi respublikada ishlab chiqarilmaydigan yangi texnologik asbob-uskunalar ro‘yxatini tasdiqlash to‘g‘risida” 2021 yil 4 iyundagi 352-son qaroriga binoan haydovchi bilan birga 60 kishi yoki undan ortiq kishini tashishga mo‘ljallangan transport vositalari (avtobuslar va elektrobuslar) bojxona boji va qo‘shilgan qiymat solig‘idan ozod etilgan”, – deyiladi xabarda.
Ayni shu imtiyozdan foydalanish maqsadida xorijdan keltirilgan qiymati 1,1 mlrd so‘mlik avtobusning o‘rindiklar soni tegishli hujjatlarda 60 ta ekanligi qayd etiladi. Ammo, “Toshkent-tovar” bojxona posti xodimlari tomonidan o‘tkazilgan bojxona ko‘rigi jarayonida avtobus aslida 56 o‘rindiqli ekanligi ma’lum bo‘ldi.
Qarang-ki, o‘rindiqlar sonini 60 taga yetkazish maqsadida avtobusga keyinchalik payvandlash usuli bilan qo‘lbola tarzda 4 ta qo‘shimcha kichik o‘rindiqlar o‘rnatilgan ekan.
“Buni X.Sulaymonova nomidagi Respublika sud ekspertizasi markazi, Ichki ishlar vazirligining ekspert kriminalistika bosh markazi hamda O‘zbekiston ilmiy-sinov va sifat markazining xulosasi ham tasdiqladi. O‘rindiqlar sonini sun’iy ravishda ko‘paytirish orqali avtobus egalari 865 mln. so‘mlik bojxona to‘lovlaridan imtiyozni qo‘lga kiritishga urinishgan”, – deyiladi.
Hozirda avtobus vaqtincha saqlovga olingan. Holat yuzasidan esa bojxona tekshiruvlari davom etmoqda.
Sharhlar