Erkak uch yoshli bolani pichoqlab o‘ldirgani haqdagi xabar yuzasidan batafsil ma’lumot berildi

Foto: daryo.uz

10-iyul kuni ijtimoiy tarmoqlarda 31 yoshli avval sudlangan erkak o‘z xotinidan o‘ch olish maqsadida uch yoshli bolani pichoqlab o‘ldirgani haqida xabar tarqaldi. Bosh prokuratura matbuot kotibi Xayot Shamsutdinov voqea Toshkent shahrining Yashnobod tumanida sodir bo‘lganini ma’lum qildi.

Xabarga ko’ra, nikohsiz er-xotin narkotik qabul qilib o‘tirganida o’rtasida janjal kelib chiqqan. Erkak avval ayolni urib-tepgan, ayol uydan ko‘chaga qochib chiqib ketgan. Ayoldan jahli chiqqan erkak alamini 3 yoshli boladan olgan va go’dakning yelka, bosh va ko‘zlariga 12 marta pichoq tiqib o‘ldirgan.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Yashnobod tuman sudi tomonidan Yashnobod tumani prokurorining Jinoyat kodeksining 97-moddasi (qasddan odam o‘ldirish) 2-qismi “v”, “j” bandlarida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda gumon qilinuvchi S. M.ga nisbatan “qamoqqa olish” tarzidagi ehtiyot chorasini qo‘llash hamda sud-psixiatriya ekpertizasi o‘tkazish to‘g‘risidagi iltimosnomalari taqdim etilgan hujjatlar bilan ko‘rib chiqildi.

Sudning 2024-yil 10-iyuldagi ajrimlari bilan iltimosnomalar qanoatlantirilib, gumon qilinuvchi S. M.ga nisbatan “qamoqqa olish” tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanilib, sud-psixiatriya ekpertizasi o‘tkazish belgilandi.

 

If you have found a spelling error, please, notify us by selecting that text and pressing Ctrl+Enter.