O‘zbekistonda yangi turistik yo‘nalishlar ochilmoqda
Farg‘ona, Andijon va Namangan viloyatining tuman va shaharlarini bog‘lovchi “Oltin vodiy sayyohlik halqasi” hamda Xorazm va Qoraqalpog‘iston bo‘ylab “Qal’alar halqasi” turistik yo‘nalishlar ishlab chiqildi. Bu haqda Turizm qo‘mitasi matbuot xizmati xabar qildi.
“Oltin vodiy sayyohlik halqasi” turistik yo‘nalishi jami Farg‘onada 22 ta, Andijonda 18 ta va Namanganda 17 ta tashrif obyektlarini o‘z ichiga olgan.
Vodiyga tashrif buyurgan turistlarni aniq marshrut asosida kutib olinadi. Sayyohlarga qiziqarli manzillar taqdim etiladi. Mehmonlar “Oltin vodiy sayyohlik halqasi” turistik yo‘nalishida joylashgan madaniy meros obyektlari, eko- va agroturizm obyektlari, ko‘ngilochar maskanlar va hunarmandchilik markazlari bilan yaqindan tanishadi.
Xorazm va Qoraqalpog‘iston bo‘ylab “Qal’alar halqasi” turistik yo‘nalishi xorijlik va mahalliy sayyohlarga yurtimizda joylashgan qadimiy qal’alar — Ichan Qal’a, Ulli Hovli, Qalajiq qal’a, Sulaymon qal’a, Toshqal’a, Ayazqal’a, Tuproqqal’a va Ellikqal’a tarixi bilan yaqindan tanishishga imkoniyat yaratadi.
Qayd etilishicha, mazkur turistik yo‘nalishlar mamlakatning qadimiy qadamjolariga xorijlik va mahalliy sayyohlar oqimini ko‘paytirishga va O‘zbekiston turizm salohiyatini oshirishga yordam beradi.
Sharhlar