Uch yoshgacha farzandi bor talaba-qizlarga masofaviy ta’lim olish imkoniyati yaratiladi

Foto: Prezident matbuot xizmati

Prezident boshchiligidagi yig’ilishda viloyat, tuman hokimlariga yoz mavsumida maktab, texnikum, oliygoh, istirohat bog‘larida mehnat yarmarkalarini o‘tkazish topshirildi. Bu orqali vakant o‘rinlarga kamida 150 ming yoshlarni ishga joylashtirish mumkin.

Yoz oylarida “qurilish otryadlari”ni tashkil etib, 100 ming yoshlarni oylik beradigan ishlarga jalb qilish muhimligi qayd etildi.

Tadbirkorlarning yoshlarni kasbga o‘qitish va ishga joylashtirish borasidagi tashabbuslari bundan buyon ham qo‘llab-quvvatlanishi ta’kidlandi.

Yangi o‘quv yilidan boshlab maktab, kollej, texnikum o‘quvchilarini kasbga o‘rgatib, ish berayotgan tadbirkorlarning bu xarajatlari soliq bazasidan chegirib tashlanadi. O‘quvchilarga daromad solig‘i va ijtimoiy soliq 1 foiz qilib belgilanadi.

Shuningdek, bundan keyin ham qizlarning ta’lim olishi, daromad topishi, sharoitlarini yaxshilash borasidagi ishlar davom ettirilishi ta’kidlandi.

Jumladan, og‘ir sharoitga tushib qolgan uy-joyga muhtoj qizlar uchun 1 xonali ijtimoiy uylar quriladi. Ular ishga joylashib, oyoqqa turib olgunga qadar, ushbu uylarda 3 yil davomida bepul yashashi mumkin bo‘ladi.

Hokimlarga ijtimoiy uylarning namunaviy loyihasini qilib, qurilishni boshlash topshirildi.

Sog‘ligi tufayli ishga qatnay olmaydigan qizlarning yashab turgan xonadonida masofaviy ish bilan ta’minlash choralari ko‘riladi. Bundan tashqari, uch yoshgacha farzandi bor talaba-qizlarga masofaviy ta’lim olish imkoniyati yaratiladi.

So‘ng davlat rahbari yoshlar bilan muloqot qildi.

So‘zga chiqqan yigit-qizlar bir qator taklif va tashabbuslarini ilgari surdi.

Jumladan, mustaqil O‘zbekiston temir yo‘llari tashkil topganining 30 yilligiga temir yo‘l sohasida xalqaro forum tashkil qilish, Markaziy Osiyo va Turkiy davlatlar yoshlari bilan ekologik masalalarni doimiy muhokama qilish maqsadida Xalqaro kengash tuzish taklif qilindi.

Mamlakatda organik mahsulot yetishtirishni qo‘llab-quvvatlash, “Iqtidorli yosh kadrlar” elektron platformasini ishga tushirish, “Kelajak kasblari loyihasi” doirasida til o‘rganish tartibini takomillashtirish yuzasidan ham fikrlar bildirildi.

 

If you have found a spelling error, please, notify us by selecting that text and pressing Ctrl+Enter.