Bayden va Zelenskiy Normandiyada 6-iyun kuni uchrashadi

Foto: EPA

AQSH va Ukraina prezidentlari Jo Bayden va Vladimir Zelenskiy ertaga, 6-iyun kuni Normandiyada uchrashadi, deb xabar beradi BBC Oq uyning milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchisi Jeyk Sallivanga tayanib.

“Bayden Ukrainadagi ishlarning borishi, biz Ukrainaga ko‘makni qanday davom ettirishimiz va chuqurlashtirishimiz haqida gaplashib olish uchun Zelenskiy bilan uchrashadi”, — dedi u.

6-iyun kuni Normandiyada Gitlerga qarshi koalistiya bo‘yicha ittifoqchilar kuchlari joylashtirilganining 80 yilligiga bag‘ishlangan tantanalar bo‘lib o‘tadi. Unga Rossiya vakillari taklif etilmadi. Vladimir Putin 2019-yilda, voqeaning 75 yilligi nishonlangan paytda ham Normandiyaga chaqirilmagan edi.

Sallivan, shuningdek, AQSH va Ukraina prezidentlarining keyingi yuzma-yuz uchrashuvi 13—15-iyun kunlari Italiyada “katta yettilik” sammitida bo‘lib o‘tishini aytdi.

If you have found a spelling error, please, notify us by selecting that text and pressing Ctrl+Enter.