“Krokus”ga hujum tashkilotchilari Markaziy Osiyo mamlakatlarida yana bir teraktga tayyorlangan — OAV
Moskva viloyatidagi “Krokus Siti Xoll” konsert zaligaga uyushtirilgan terrorchilik hujumi tashkilotchilari bir vaqtning o‘zida Markaziy Osiyo mamlakatlaridan birida yana bir teraktga tayyorlangan, ammo uning oldini olishga muvaffaq bo‘lingan. Bu haqda “Izvestiya” o‘z manbalariga tayanib yozmoqda.
Nashr suhbatdoshi terakt aynan qaysi mamlakatda rejalashtirilganiga aniqlik kiritmagan, ammo u taxminan “Krokus Siti Xoll”ga hujum yuz bergan vaqt atrofida yuz berishi kerak bo‘lganini ta’kidlagan. Manba, shuningdek, Moskvadagi teraktning avval noma’lum bo‘lgan tafsilotlarini ham keltirgan. Uning aytishicha, hujum qilgan shaxslar konsert zalini oddiy benzin bilan yoqib yuborgan.
“Krokus”ga borish yo‘lida ular AYOQSHga kirib o‘tib benzin sotib olgan va uni plastik butilkalarga solgan. So‘ng undan zalga o‘t qo‘yishda foydalangan, dedi nashr suhbatdoshi.
Uning qo‘shimcha qilishicha, guruh aslida uyushgan terrorchilik yacheykasi bo‘lmagan — u qandaydir tuzilma doirasida mavjud bo‘lmagan, balki teraktdan bir necha hafta avval tuzilgan. Uning ikki ishtirokchisi Turkiyaga borganida ko‘rsatmalar olgan, qolganlar esa Rossiya hududida yollangan, dedi manba.
Sharhlar