“Vabo” epidemiyasi avj olishi aytilmoqda

Фото: ССВ

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti tomonidan e’lon qilingan yangi hisobotga ko‘ra dunyo bo‘ylab vabo epidemiyasining tarqalish xavfi yuqori darajada, deb yozmoqda SSV matbuot xizmati.

Xabarga ko‘ra, “o‘tgan yili sayyorada ushbu kasallikni yuqtirgan 709 mingga yaqin bemor ro‘yxatga olingan. Ulardan 4,3 ming nafari xastalik oqibatida hayotdan ko‘z yumgan. Eng yomoni, hali yoz mavsumi yaqinlashmay turib, yana o‘sish ko‘rsatkichlari qayd etilmoqda”. 

Shuningdek, joriy yilning yanvar oyida 17 mamlakatda qariyb 41 ming kishiga vabo tashxisi qo‘yilgan va bemorlarning 775 nafari xastalik qurboniga aylangan.

“Yangi epidemiya o‘choqlari Afrika, Sharqiy O‘rta yer dengizi, Amerika va Janubi-Sharqiy Osiyo mintaqalarida aniqlangan. Ayniqsa, Zambiya va Zimbabve mamlakatlarida o‘sish sur’atlari yuqori bo‘lgan”,- deyiladi xabarda. 

Shundan kelib chiqqan holda, JSST mazkur davlatlarni zarur dori-darmon va vaksinalar hamda boshqa tibbiy resurslar bilan ta’minlash choralari ko‘rmoqda.

If you have found a spelling error, please, notify us by selecting that text and pressing Ctrl+Enter.