11 ta jurnalist ishi: Sud to‘rtta jurnalistni hibsda saqlash muddatini uzaytirdi

Фото: Kloop.kg

Bishkekning Leninskiy tuman sudi 7 iyun kuni bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda advokatlarning Maxabat Tajibek qizi, Azamat Ishenbekov, Aktilek Kaparov va Ayke Beyshekeyevaga nisbatan ehtiyot chorasini uy qamog‘iga o‘zgartirish haqidagi iltimosini qanoatlantirmadi. Ularni tergov izolyatorida saqlash muddati yana ikki oyga — 8 avgustga qadar uzaytirildi.

Shuningdek, sud Archa Media jurnalisti Saypidin Sultanalievga nisbatan qamoqqa olish chorasini uy qamog‘idan shahardan tashqariga chiqarmaslik to‘g‘risidagi yozma majburiyatga o‘zgartirdi. Sud majlisi yopiq eshiklar ortida o‘tdi.

16 yanvar kuni Temirov Live kanalining 11 nafar amaldagi va sobiq jurnalisti hibsga olingan. Ulardan to‘qqiz nafari “tartibsizliklarga chaqirish”da, loyiha rahbari Maxabat Tajibek qizi va jurnalist Aktilek Kaparov esa bu chaqiriqlarni “tashkil etishda” ayblangan.

Keyinroq sud hibsga olinganlarning bir qismini uy qamog‘i va shaharni tark etmaslik to‘g‘risidagi yozma majburiyat bilan qo‘yib yuborgan. To‘rt nafar jurnalist hamon 1-tergov izolyatorida hibsda qolmoqda.

If you have found a spelling error, please, notify us by selecting that text and pressing Ctrl+Enter.