Saudiya Arabistonida haj chog‘ida 1301 nafar ziyoratchi halok bo‘lgan
Saudiya Arabistoni sog‘liqni saqlash vaziri Fahd bin Abdul Rahmon al-Jalojil ma’lum qilishicha, haj davrida 1301 nafar ziyoratchi halok bo‘lgan. Ularning 83 foizida tegishli viza bo‘lmagan, shu sababli ular quyoshdan himoyalanish imkoniyatiga ega bo‘lmagan holda katta masofalarni bosib o‘tishiga to‘g‘ri kelgan. Vafot etganlar Makkaga dafn qilingan, deb yozadi “Kommersant”.
Vazir ushbu ma’lumotni “Al-Ixbariya” davlat telekanali efirida e’lon qilgan. 95 nafar ziyoratchi kasalxonalarda davolanmoqda, ularning ba’zilari Ar-Riyodga yetkazilgan. Halok bo‘lganlarning shaxsini aniqlash jarayoni cho‘zilib ketgan, chunki ko‘pchiligining yonida hujjatlari bo‘lmagan.
Qurbonlarning 660 nafari misrliklar bo‘lib, ularning bor-yo‘g‘i 31 nafari mamlakatda bo‘lib turish huquqiga ega bo‘lgan. Misr ziyoratchilarga noqonuniy ravishda Saudiya Arabistoniga jo‘nashda yordam bergan 16 ta sayyohlik agentligini litsenziyadan mahrum qildi.
Shuningdek, halok bo‘lganlar orasida 165 nafar indoneziyalik, 98 nafar hindistonlik va o‘nlab Iordaniya, Tunis, Marokash, Jazoir va Malayziya fuqarolari bor. Bundan tashqari, yetti nafar rossiyalik va ikki amerikalik ham vafot etgan. Ko‘pchilik holatlarda o‘lim kuchli jazirama fonida jismoniy charchoq va suvsizlanish oqibatida yuz bergan.
Bu yil haj 14-iyundan 19-iyungacha davom etdi. Unda 1,8 million kishi qatnashdi. Kunduzi havo harorati 46—49 daraja atrofida bo‘ldi.
Sharhlar