Yevroittifoq Rossiyaga qarshi sanksiyalarning 14-paketini tayyorlashni boshladi

Фото: УНИАН

Yevropa ittifoqi Rossiyaga qarshi sanksiyalarning 14-paketini ishlab chiqishga kirishdi. Uni bahor oxirigacha qabul qilish rejalashtirilmoqda, deya ma’lum qildi Yevrokomissiya vitse-prezidenti Valdis Dombrovskis.

Uning so‘zlariga ko‘ra, paket “cheklov choralarining keng ro‘yxati”ni o‘z ichiga oladi va amaldagi sanksiyalarni aylanib o‘tishga qarshi kurashga katta urg‘u beradi. Misol sifatida Dombrovskis dengiz sektorini keltirib o‘tdi, u yerda Rossiya o‘z neftini eksport qilishda narxning maksimal chegarasini buzishga urinishda davom etmoqda.

U, shuningdek, Yevrokomissiya G‘arb mamlakatlarining Yevropadan tashqarida ish olib boradigan sho‘ba kompaniyalari orqali sanksiyalarning aylanib o‘tilishiga qarshi kurash usullarini qidirayotganini ta’kidladi. Shu munosabat bilan Dombrovskis o‘z filiallarining shubhali biznes-operatsiyalariga ko‘z yumayotgan tashkilotlarga javobgarlik yuklatilishi haqida ogohlantirdi.

Yevroittifoq bundan keyin ham Rossiyaga va uning Ukrainaga qarshi urushini qo‘llab-quvvatlayotganlarga, ular qayerda bo‘lishidan qat’i nazar, bosim o‘tkazishda davom etadi, dedi Yevrokomissiya vitse-prezidenti. “Biz Putinning do‘stlarini va Rossiyaga sanksiyalarni aylanib o‘tishda yoki uning harbiy arsenalini to‘ldirishda yordam berayotganlarning barchasini ta’qib qilishda davom etamiz”, — dedi u.

If you have found a spelling error, please, notify us by selecting that text and pressing Ctrl+Enter.