“Rossiyaning do‘stlari” — Xitoy, Saudiya Arabistoni va Indoneziya Yevroittifoqdan Rossiya aktivlarini musodara qilmaslikni so‘ramoqda
Rossiyaga yon bosayotgan mamlakatlar Yevroittifoqni Rossiyaning muzlatilgan aktivlarini musodara qilishdan bosh tortishga chaqirmoqda. Bunday da’vat bilan Xitoy, Saudiya Arabistoni va Indoneziya alohida chiqishlar qilgan, deb yozadi Politico o‘z manbalariga tayanib.
Ushbu uchta davlat Yevroittifoq vakillariga murojaat qilib, Rossiya aktivlarini musodara qilishni talab etib turib olgan “AQSH va Buyuk Britaniya tomonidan bo‘layotgan bosimga qarshilik ko‘rsatish”ga chaqirgan.
Xitoy, Indoneziya va Saudiya Arabistoni Rossiya davlat aktivlarining musodara etilishi “pretsedent yaratishi”dan va o‘zlari keyingi davlatga aylanishidan xavfsiramoqda.
“Ruslar o‘z do‘stlaridan shunday g‘avg‘o ko‘tarishni so‘ragan bo‘lishi mumkin”, — dedi Yevroittifoqqa kirmaydigan mamlakatning yuqori mansabli diplomati.
Shuningdek, bu davlatlar Rossiya aktivlarining musodara qilinishi Rossiya-Ukraina urushini yanada uzaytirib, ularni nizoda kimningdir tomonini olishga majbur qiladi, deb hisoblayotgan bo‘lishi ham mumkin, deyiladi xabarda.
Rossiya Ukraina bilan urush boshlaganidan buyon G‘arbda 280 milliard yevroga yaqin mablag‘ muzlatilgan holatda turibdi. Ularning katta qismi (qariyb 210 milliard yevro) Yevroittifoqda, shu jumladan, naqd pul va davlat obligatsiyalari shaklida saqlanmoqda. Yevroittifoq hukumati kamida 2022-yil kuzidan buyon ushbu mablag‘lardan foydalanish imkoniyatini muhokama qilmoqda.
Avvalroq AQSH “Katta yettilik” (G7) bo‘yicha ittifoqdoshlariga muzlatilgan Rossiya aktivlaridan tushgan foyda bilan ta’minlangan 50 milliard dollarlik obligatsiyalar chiqarish uchun mexanizm yaratishni taklif qilgandi. Tushgan mablag‘larni Ukrainani qo‘llab-quvvatlash uchun ishlatish taklif etilmoqda.
Sharhlar