Aktyor Alek Bolduindan odam o‘ldirish ayblovi olib tashlandi
Amerikalik aktyor Alek Boulduinga qarshi ehtiyotsizlik bilan odam o‘ldirish haqidagi ish yopildi, deb yozadi “Kommersant”. Nyu-Meksiko sudi bunday qarorni dalillar yashirilishi tufayli politsiya va prokurorlarning harakatlari qonundan tashqari bo‘lgani bilan izohladi.
Sudya Meri Marlou Sommer qaytadan ish qo‘zg‘atishni taqiqladi. Qaror chiqarilgach, Bolduin yig‘lab yubordi. U dastlab o‘z advokatlarini, so‘ng yig‘layotgan rafiqasini quchoqladi. Aktyor sud binosi yonida turgan mashinasiga o‘tirdi va jurnalistlar bilan muloqot qilmasdan jo‘nab ketdi.
AQSHda “Zang” (Rust) filmini tasvirga olish maydonchasidagi voqea 2021-yil oktabrida yuz bergandi, o‘shanda revolverdan otilgan o‘q operator Galina Xatchinsni o‘ldirgandi. Rejissor Joel Souza esa og‘ir yaralangan. Kartina syujeti bo‘yicha aktyor Alek Bolduin quroldan foydalangan, ammo to‘pponcha jangovar patron bilan o‘qlangan bo‘lib chiqqan. 2023-yilda Alek Bolduinga nisbatan ehtiyotsizlik bilan odam o‘ldirish ayblovi e’lon qilindi. Ammo dalillar yetarli bo‘lmagani tufayli, 2023-yil bahorida ayblov bekor qilindi. 2024-yil yanvarida esa ayblovlar qaytadan e’lon qilindi.
Eslatib o‘tamiz, 2024-yil martida ushbu filmning qurol bo‘yicha mutaxassisi Xanna Gutyerres Rid ehtiyotsizlik bilan odam o‘ldirishda aybdor deb topildi. Sud uni aktyor Alek Bolduinning qo‘liga jangovar patron bilan o‘qlangan to‘pponcha kelib tushishida aybdor deb hisobladi. U 18 oyga qamoq jazosiga hukm qilindi. Alek Bolduinning qo‘liga o‘qlangan to‘pponchani bergan rejissor yordamchisi Devis Xolls esa shartli muddatga hukm qilindi.
Sharhlar