AQSH aprel boshida Ukrainaga 60 mlrd dollar ajratishi mumkin

Фото: Москва 24

AQSH Kongressi Vakillar palatasi spikeri Mayk Jonson quyi palata respublikachilari bilan ittifoqdoshlarga yordam sifatida va janubiy chegarani mustahkamlashga mablag‘lar ajratish haqida uchrashuv o‘tkazdi, deb yozadi “Kommersant”. CNN manbalariga ko‘ra, Ukrainaga yordamni o‘z ichiga oluvchi partiyalararo qonun loyihasi mart oxiri yoki aprelda paydo bo‘lishi mumkin. Bunda yetkachi rolni tashqi ishlar qo‘mitasi raisi Maykl Makkol o‘ynaydi.

Jonson hozircha reja yuzasidan hech qanday pozitsiyani egallagani yo‘q va ushbu masala bo‘yicha ovoz berish jarayonini o‘tkazish majburiyatini zimmasiga olgani ham yo‘q. U hamkasblarini dastlab hukumatni moliyalashtirish haqidagi qonun loyihasi ustidagi ishni tugatishga chaqirdi. Taxminlarga ko‘ra, bu yo‘nalishdagi ishlar mart o‘rtalarida yakunlanadi. CNN’ning respublikachilar orasidagi manbalari fikricha, shundan keyin spiker ittifoqdoshlarga ko‘makni moliyalashtirish haqidagi tashabbusni ko‘rib chiqish uchun taqdim etadi. Ammo u holda Respublikachilar partiyasining o‘ta o‘ng a’zolari qarshi chiqishi va spiker chetlatilishiga ovoz berishi mumkin.

Vakillar palatasi a’zosi Brayan Fitspatrik Respublikachilar partiyasi rahbariyati taklifni ishlab chiqishda qanday ko‘mak berayotgani haqidagi savolga javob berar ekan: “Siz o‘ylaganingizdan ko‘ra ko‘proq”, — dedi. “Biz nimadir qilishimiz kerak”, — deya qo‘shib qo‘ydi u.

Ukrainaga mablag‘lar ajratish haqidagi qonun loyihasi AQSH Kongressida 2023-yil oktabridan buyon muhokama qilinmoqda. Fevral o‘rtalarida Senat Ukraina, Isroil va Tayvanga 95 milliard dollar ajratish haqidagi partiyalararo tashabbusni tasdiqlagandi. Hujjatni respublikachilar tomonidan nazorat qilinuvchi Vakillar palatasi ma’qullashi kerak. Mayk Jonson qonun loyihasini janubiy chegarani mustahkamlash choralarisiz ovoz berishga olib chiqishdan bosh tortdi.

If you have found a spelling error, please, notify us by selecting that text and pressing Ctrl+Enter.