Oq uy yana Rossiyaning koinotga yadro quroli joylashtirish rejalari haqida ma’lum qildi
AQSH prezidentining milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchisi Jeyk Sallivan Rossiya yadroviy zaryadga ega fazoviy sun’iy yo‘ldoshni ishlab chiqish bilan shug‘ullanayotganini aytdi. Shu tariqa u Rossiya tomonidan BMT Xavfsizlik kengashida koinotga yadro qurolini joylashtirmaslik to‘g‘risidagi rezolyutsiya loyihasiga veto qo‘yilishini izohladi, deb yozadi “Kommersant”.
“Avval ham ta’kidlaganimizdek, AQSH Rossiya yadroviy qurilmaga ega yangi sun’iy yo‘ldoshni ishlab chiqyapti deb hisoblaydi. Prezident Putin Rossiya koinotga yadro qurolini joylashtirmoqchi emasligi haqida ommaga ma’lum qilganini eshitdik. Agar shunday bo‘lganida edi, Rossiya bu rezolyutsiyaga veto qo‘ymagan bo‘lardi”, — dedi Sallivan.
Eslatib o‘tamiz, BMT Xavfsizlik kengashidagi ovoz berish chog‘ida Rossiya AQSh va Yaponiya tomonidan tayyorlangan koinotga yadro qurolini joylashtirmaslik haqidagi rezolyutsiya loyihasiga veto qo‘ydi.
Rossiyaning BMT huzuridagi doimiy vakili o‘rinbosari Dmitriy Polyanskiy ma’lum qilishicha, AQSh rezolyutsiya matniga Rossiya va Xitoy tomonidan taklif etilgan, koinotga boshqa har qanaqa qurol-yarog‘larni joylashtirishdan voz kechish haqidagi bandni kiritishdan bosh tortgan. Shu tariqa, Polyanskiyning so‘zlariga ko‘ra, Amerika hukumati va uning ittifoqchialri yadroviy bo‘lmagan kosmik qurollarni kuchaytirish imkoniyatini saqlab qolmoqchi. Rossiya Tashqi ishlar vazirligi Rossiya tez orada rezolyutsiyaning Yaponiya va AQSh tashabbusini hamda o‘zining qo‘shimchalarini o‘z ichiga oluvchi boshqa loyihasini taqdim etadi.
Sharhlar