AQSH maxsus xizmatlari terrorchilar aynan “Krokus”ga hujum qilishni rejalashtirayotganini bilgan
Moskvadagi teraktdan ikki hafta avvalroq AQSH hukumati rossiyalik hamkasblariga “Krokus Siti Xoll” konsert maydoni jangarilar nishoniga aylanishi mumkinligi haqida xabar bergan. Bu haqda Washington Post muzokaralar mazmunidan xabardor bo‘lgan amerikalik mansabdorlarga tayanib yozmoqda.
AQSH Milliy xavfsizlik kengashi va Kreml bu mavzuda izoh berishdan bosh tortgan.
AQSH “ogohlantirish majburiyati” tamoyiliga amal qilgan holda, ehtimoliy teraktlar haqidagi ma’lumotlarni hatto do‘st bo‘lmagan mamlakatlar bilan ham bo‘lishadi, biroq axborot manbasini fosh qilib qo‘ymaslik uchun aniq nishonlar haqidagi ma’lumotni oshkor etmaydi. Bu safar esa AQSH maxsus xizmatlari hujumning aniq joyini aytgani Amerika fuqarolari uchun ham xavf bo‘lganidan dalolat beradi, deyiladi xabarda.
Nashr manbalariga ko‘ra, axborot Rossiya Federal xavfsizlik xizmatiga 6-mart kuniyoq uzatilgan. 7-mart kuni AQSHning Moskvadagi elchixonasi va boshqa bir qator G‘arb diplomatik missiyalari Rossiya poytaxtida odamlar ommaviy to‘planadigan joylarda teraktlar ehtimoli haqida o‘z fuqarolari uchun ogohlantirish e’lon qildi. 19-mart kuni Rossiya prezidenti Vladimir Putin bu ogohlantirishni shantaj va provokatsiya deb atadi.
Teraktdan keyin darhol esa AQSH maxsus xizmatlari hujum ortida ISHIDning afg‘on-tojik yacheykasi “Viloyat Xuroson” turganini ma’lum qildi.
Sharhlar