AQSh: Eron yadro qurolini ishlab chiqarishga har qachongidan ham yaqin
Eron yadro dasturini tezlashtirdi. Bu haqda AQSh Davlat kotibi Entoni Blinken xavfsizlik bo‘yicha Aspen Security Forum forumida bildirdi.
“Oxirgi haftalar va oylarda biz Eron yadroviy qurollar uchun yoqilg‘i sifatida ishlatilishi mumkin bo‘lgan parchalanuvchi materiallarni ishlab chiqishda haqiqatan ham muvaffaqiyatga erishayotganini ko‘rdik”, — deya uning so‘zlarini keltiradi AFP. “Bunga bir yoki ikki hafta qolgan bo‘lishi mumkin”, – deydi AQSh Davlat kotibi. Eron hali qurolning o‘zini yaratgani yo‘q, “lekin siz bularni birlashtirasiz: parchalanuvchi materiallar, portlovchi qurilma va – sizda yadro quroli bor”, – deya qo‘shimcha qiladi u.
Qo‘shma Shtatlar Eronning bomba ustida ishlayotgani alomatlarini “juda va juda diqqat bilan” kuzatmoqda va Tehronni ushlab turish uchun diplomatik sa’y-harakatlarni davom ettirmoqda, – deydi Blinken.
Avvalroq Eronning yangi prezidenti Masud Pezeshkian G‘arbga “Eronni izolyatsiyadan olib chiqish” va uni xalqaro sanksiyalardan xalos qilish niyatida ekanini aytgan edi. Xususan, u Eron va jahon kuchlari o‘rtasida 2015-yilda imzolangan yadroviy bitimni tiklash tarafdori.
U barcha ishlanmalar tinch maqsadlarda ekanini ham bildirgan.
Sharhlar