AQSH Kongressida “milliy xavfsizlikka jiddiy tahdid” haqida ma’lum qilindi. U Rossiya koinotga yadro qurolini joylashtirishi bilan bog‘liqligi aytilmoqda

Foto: Reuters

AQSH Kongressi Vakillar palatasining Razvedka bo‘yicha qo‘mitasi raisi respublikachi Mayk Tyorner bayonot e’lon qilib, “milliy xavfsizlikka jiddiy tahdid” haqida ogohlantirdi va AQSH prezidenti Jo Baydendan ushbu “tahdid”ga taalluqli “barcha ma’lumotlarni oshkor etish”ni talab qildi, deb yozadi Meduza.

Tyornerning so‘zlariga ko‘ra, qo‘mita Kongressning barcha a’zolariga “milliy xavfsizlikka nisbatan jiddiy tahdidga aloqador” axborotni taqdim etgan. Gap qanday “tahdid” haqida borayotganiga u aniqlik kiritmadi.

U Baydendan “Kongress, ma’muriyat va bizning ittifoqchilarimiz ushbu tahdidga javob ko‘rsatish uchun zarur harakatlarni ochiqchasiga muhokama qila olishi uchun ushbu tahdidga taalluqli barcha axborotni oshkor etish”ni so‘radi.

NBC News nashrining Demokratik partiyadagi “tahdiddan xabardor” manbasiga ko‘ra, bu “jiddiy muammo bo‘lib, vaziyatning beqarorlashuviga olib kelishi va milliy xavfsizlikka tahdid solishi mumkin”. U buni “potensial tashqi xavf” deb atadi, ammo u qayerdan kelayotganiga aniqlik kiritmadi.

CNN o‘z manbalariga tayanib xabar berishicha, tahdid Rossiya bilan bog‘liq. Telekanal suhbatdoshlari uni “juda nozik” deb tavsifladi. Razvedka ma’lumotlari bilan tanish bo‘lgan manba aytishicha, “aslida bu xavotirli va beqarorlashtiruvchi Rossiya potensiali bo‘lib, bu haqda ular yaqinda xabar topgan”.

Reuters da’vo qilishicha, “tahdid” Rossiyaga va “koinotdagi operatsiyalarga aloqador”. Boshqa tafsilotlar keltirilmayapti.

AQSH prezidentining milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchisi Jeyk Sallivan gap qanday tahdid haqida borayotganini aytishdan bosh tortdi. U Tyorner “jiddiy xavf” haqida ogohlantirishidan avvalroq milliy xavfsizlik bo‘yicha qo‘mitalar yetakchi qonun chiqaruvchilari bilan shaxsan bog‘langanini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, razvedka masalalari bo‘yicha axborotni qabul qiluvchi Kongress yetakchilari bilan uning uchrashuvlari 15-fevralga rejalashtirilgan. Sallivan qo‘shimcha qilishicha, Tyorner jamoatchilikka qarata bayonot bilan chiqishi uni hayron qoldirgan.

Politico jurnalisti Aleks Uord Vakillar palatasi razvedka qo‘mitasi a’zolariga tayanib, “tahdid” haqidagi ma’lumot “jiddiy muammoligi, ammo o‘tkir inqiroz emasligi”ni ma’lum qildi.

Keyinroq ABC News kanalining manbalari razvedka ma’lumotlari Rossiyaning koinotga yadro quroli joylashtirish rejalari bilan bog‘liqligini bildirdi. “Gap uni Yerga tashlash haqida emas, balki sun’iy yo‘ldoshlarga qarshi qo‘llash ehtimoli haqida bormoqda”, — deb yozdi nashr.

If you have found a spelling error, please, notify us by selecting that text and pressing Ctrl+Enter.