Lukashenko Belarus yoshlariga jahon brendlaridan kiyinishni taqiqlash taklifini berdi (video)

Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenko mamlakat yoshlariga jahon brendlari kiyim-kechaklarini kiyishni taqiqlashni taklif qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, agar belarusliklar brend kiyimlar kiysa, “Ukrainaning ahvoliga tushadi”. Bu haqda u mansabdorlar bilan yig‘ilishda aytib o‘tdi.

“Barcha yoshlarimiz oh, shunday kiyinishni xohlashadiki! Men prezident sifatida ham ayrim yosh yigitlardek kiyinmayman. Bularni import brendlar deb atashadi, men ular haqida eshitmaganman, eshitgan bo‘lsam ham faqat shuni bilamanki, faqat brend nomi uchungina aqlbovar qilmas pul to‘lashadi”, — dedi Lukashnko.

BBC o‘zi tayyorlagan qisqa videoda prezidenting o‘g‘li Nikolay Lukashenko Under Armour brendiga oid shapka kiyib tushgan suratini ko‘rsatgan, Aleksandr Lukashenkoning kepkasi ham shu brendga tegishli. Ayni vaqtda u o‘z kiyimlarini izohlar ekan shunday dedi: “Ko‘ylagim — import mahsulot, lekin zo‘r tikilgan. Paypog‘im ham import qilingan bo‘lsa kerak. Kostyum o‘zimizniki, bo‘yinbog‘ o‘zimizniki emas, ko‘ylak o‘zimizniki emas, ich kiyim — o‘zimizniki”.

Belarus yoshlari mahalliy brendlardan kiyinishi kerakligi, aks holda “Ukrainaning holatiga tushishi” haqidagi fikrni Lukashenko oliy ta’lim muassasalari rektorlari bilan majlisda bayon qilgan.

If you have found a spelling error, please, notify us by selecting that text and pressing Ctrl+Enter.