Finlyandiya Rossiya bilan chegarani qisman ochishi mumkin

Фото: Москва 24

Finlyandiya hukumati Rossiya bilan chegarani qisman ochishi mumkin. Bu uchinchi mamlakatlar fuqarolariga chegaraning o‘zida boshpana berishni rad etish va ularni deportatsiya qilib Rossiyaga qaytarib yuborish imkonini beruvchi “Quvib chiqarish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi qabul qilingan taqdirda yuz berishi mumkin. Bu haqda Finlyandiya bosh vaziri Petteri Orpo ma’lum qildi.

Orpo “agar chegaraning ikkala tomoni bo‘ylab hamkorlik yo‘lga qo‘yilsa”, dastlab bitta chegara punkti, so‘ng boshqalari ham ochilishi mumkinligini aytdi.

Finlyandiya hukumati yangi qonun loyihasini shoshilinch tayyorlayotgani haqida avvalroq OAVlar xabar bergandi. Xelsinki ob-havo yaxshilangach, Rossiya boshpana so‘rovchilarni quruqlikdagi chegara orqali o‘tkazishni boshlashidan xavfsiramoqda, bunday amaliyot esa Finlyandiya xavfsizligiga tahdidni yuzaga keltiradi.

Finlyandiya Rossiya bilan quruqlikdagi chegarani 2023-yil noyabrida tegishli hujjati bo‘lmagan muhojirlar oqimi fonida yopib qo‘ygan edi.

If you have found a spelling error, please, notify us by selecting that text and pressing Ctrl+Enter.