Putin: Rossiya AQSH prezidenti sifatida Trampni emas, Baydenni afzal ko‘radi

Rossiya prezidenti Vladimir Putin AQSHdagi bo‘lg‘usi saylovlar yuzasidan izoh berar ekan, Rossiya har qanday Amerika prezidenti bilan iashlashga tayyorligini ma’lum qildi. Biroq, uning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya bu lavozimda Amerikaning sobiq yetakchisi Donald Trampni emas, joriy prezident Jo Baydenni ko‘rishni afzalroq bilgan bo‘lardi, deb yozadi “Kommersant”.

Jurnalist Pavel Zarubinning Rossiya qaysi AQSH prezidenti bilan ishlashni ma’qul ko‘rgan bo‘lardi, degan savoliga Putin: “Bayden”, — deb javob berdi. “U tajribaliroq, xatti-harakatlarini oldindan aytish mumkin bo‘lgan odam, u eski formatsiyadagi siyosatchi. Ammo biz Amerika xalqi ishonch bildiradigan har qanday AQSH yetakchisi bilan ishlaymiz”, — deya qo‘shib qo‘ydi Rossiya prezidenti.

Shuningdek, Vladimir Putin Jo Baydenning sog‘lig‘i yomonlashayotgani haqidagi xabarlarga izoh berdi. “Bayden bilan Shveysariyada uchrashganimda, ya’ni bir necha yil avval — ammo o‘shandayoq uni layoqatsiz deb atashardi — bunaqa narsani hech ham sezmaganman”, — dedi prezident.

AQSHdagi saylovoldi kampaniyasi, Putinning so‘zlariga ko‘ra, shiddat bilan bormoqda va “keskinroq shaklga o‘tmoqda”. Prezident ta’kidlashicha, Rossiya bu jarayonga aralashishi kerak emas.

AQSH prezidenti saylovlari 2024-yil noyabrda bo‘lib o‘tadi.

If you have found a spelling error, please, notify us by selecting that text and pressing Ctrl+Enter.