Bayden AQSHda musulmonlarga nisbatan nafrat avj olganini ma’lum qildi

Foto: APA

AQSH prezidenti Jo Bayden Falastin-Isroil nizosi fonida uning mamlakatida musulmonlarga nisbatan dushmanlik dahshatli ravishda avj olganini ma’lum qildi, deb yozadi “Kommersant”. Shu munosabat bilan Bayden ma’muriyati tarixdagi birinchi Islomofobiyaga qarshi kurash milliy strategiyasi ustida ishlamoqda.

“Vatanimizda biz musulmon bo‘lgan amerikaliklarga nisbatan nafrat va zo‘ravonlik dahshatli tarzda avj olganini kuzatyapmiz. Diniy erkinlikka asoslangan va tashkil topishida muhojirlar, shu jumladan, musulmon muhojirlar hissasi ham bo‘lgan mamlakat bo‘lmish AQSHda islomofobiyaga o‘rin yo‘q”, — deyiladi Jo Baydenning Ramazon oyi boshlangani munosabati bilan e’lon qilingan bayonotida.

Shuningdek, u AQSH hukumati G‘azo sektoriga gumanitar yordam yetkazib berihda davom etishiga hamda o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha bitim ustida ishlashiga va’da berdi.

Nashr eslatishicha, 2023-yil kuzida AQSHdagi Milliy musulmonlar demokratik kengashi Jo Bayden va uning ma’muriyatidan G‘azo sektorida o‘t ochishni to‘xtatishga erishishni talab qilgan edi. O‘z ultimatumida mualliflar Yaqin Sharqda nizo davom etishida Jo Bayden ma’muriyatining roli kattaligini qayd etgandi.

If you have found a spelling error, please, notify us by selecting that text and pressing Ctrl+Enter.