Zelenskiy AQSH Ukrainaning Rossiya neft zavodlariga hujumlaridan norozi ekanini tasdiqladi
Ukrainaning Rossiyadagi neftni qayta ishlash zavodlariga zarbalariga nisbatan AQSHning munosabati ijobiy bo‘lmagan. Bu haqda Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy ma’lum qildi. Financial Times yozishicha, Vashington benzin narxlari oshib ketishidan xavfsirab, Kiyevni Rossiya neft zavodlariga hujumlarni bas qilishga chaqirgan.
“AQSHning reaksiyasi ijobiy bo‘lmadi… Biz o‘z uchuvchisiz uchar qurilmalarimizdan foydalandik. Bizga hech kim bunday qilolmaysiz deb ayta olmaydi. Bizning energetika tizimimizni himoya qilish uchun havo hujumiga qarshi mudofaa bo‘lmasa, rossiyaliklar esa unga hujum qilayotgan bo‘lsa, mening savolim quyidagicha: nima uchun biz ularga javob qaytara olmaymiz? Ularning jamiyati benzinsiz, dizelsiz, elektrsiz yashashga o‘rganishi kerak”, — dedi Zelenskiy The Washington Post nashriga bergan intervyusida.
Ukraina yil boshidan buyon dronlar yordamida Rossiyadagi bir nechta neftni qayta ishlash zavodlariga hujum qildi. Ular orasida Nijegorod, Ryazan, Kuybishev va Sizran zavodlari bor. Avvalroq AQSH davlat kotibining energetika masalalari bo‘yicha yordamchisi Jeffri Payett Vashington Rossiya hududiga berilayotgan zarbalarni rag‘batlantirmasligini bildirgandi.
Sharhlar