AQSH o‘z ittifoqdoshlarini Rossiya koinotga yadro quroli joylashtirishi haqida ogohlantirgan — OAV
AQSH o‘z ittifoqdoshlarini Rossiya shu yiliyoq koinotga sun’iy yo‘ldoshga qarshi yadro qurolini yoki jangovar kallak maketini joylashtirishi mumkinligi haqida ogohlantirgan. Bu haqda Bloomberg o‘z manbalariga tayanib xabar bermoqda.
Agentlik suhbatdoshlari aniqlik kiritishicha, Moskva “joriy hisob-kitoblar bo‘yicha” hozircha qandaydir orbital qurolni portlatishni rejalashtirmayapti. Biroq avariya xavfi mavjud bo‘lib, yadroviy portlash aloqaga sezilarli darajada ziyon yetkazishi mumkin, bu esa Yerga yaqin sun’iy yo‘ldoshlarning taxminan uchdan bir qismiga ta’sir o‘tkazishi mumkin.
Manbalardan biri koinotda yadro quroli portlashi oqibatlari jangovar kallakning kattaligiga bog‘liq bo‘lishini, sun’iy yo‘ldoshlar yo‘q bo‘lib ketmasa-da, katta ko‘lamli ishdan chiqishlarga sabab bo‘lishini aytdi.
Rossiya tomonidan koinotga yadro quroli joylashtirilishi xavfi haqida Amerika OAVlari va siyosatchilari o‘tgan hafta boshidan buyon gapirib kelmoqda. Xususan, 15-fevral kuni AQSh Kongressi Vakillar palatasining Razvedka bo‘yicha qo‘mitasi raisi respublikachi Mayk Tyorner bayonot e’lon qilib, “milliy xavfsizlikka jiddiy tahdid” haqida ogohlantirdi va AQSh prezidenti Jo Baydendan ushbu “tahdid”ga taalluqli “barcha ma’lumotlarni oshkor etish”ni talab qildi.
Keyinroq ABC News kanalining manbalari razvedka ma’lumotlari Rossiyaning koinotga yadro quroli joylashtirish rejalari bilan bog‘liqligini bildirdi. “Gap uni Yerga tashlash haqida emas, balki sun’iy yo‘ldoshlarga qarshi qo‘llash ehtimoli haqida bormoqda”, — deb yozdi nashr.
Kreml esa Moskvaning kosmosdagi yangi yadro salohiyati haqidagi AQShning ogohlantirishini rad etib, buni “yomon niyatli uydirma” va Oq uyning amerikalik qonunchilardan Rossiyaga qarshi kurashish uchun ko‘proq mablag‘ni tasdiqlatishga qaratilgan hiylasi deb atadi.
Pentagon esa Rossiya tufayli deyarli har hafta sun’iy yo‘ldosh uchirishga va’da berdi.
Sharhlar