AQSH razvedka boshqarmasi Ukrainada Rossiya bilan chegara bo‘ylab maxfiy bazalar tarmog‘ini yaratgan — NYT

Foto: Getty Images

Ukrainada AQSH Markaziy razvedka boshqarmasi ko‘magida Rossiya bilan chegara bo‘ylab joylashgan 12 ta maxfiy bazadan iborat tarmoq yaratilgan. Bu haqda New York Times o‘z manbalariga tayanib xabar berdi.

Amerika tomoni raketa zarbalari uchun Kiyevga razvedka ma’lumotlarini taqdim etmoqda va Rossiya qo‘shinlarining harakatlanishini kuzatib bormoqda. Ukraina esa bunga javoban, muzokaralarni yashirincha tinglab qo‘lga kiritgan ma’lumotlarini va boshqa axborotni uzatmoqda, bu uni Vashingtonning eng muhim razvedka sheriklaridan biriga va razvedka ma’lumotlari yig‘iladigan markazga aylantiradi — u hatto MRBning Rossiyadagi o‘z bazasidan ham ko‘proq Rossiya xabarlarini tutib olgan, deb yozadi nashr.

Bazalar tarmog‘i sakkiz yil avval, 2016-yilda tashkil qilinishni boshlagan, u AQSHning uch prezidenti — Barak Obama, Donald Tramp va Jo Bayden rahbarligi ostida “qismma-qism” tuzib borilgan.

Dastlab AQSH razvedkasi hamkorlikni istar-istamay amalga oshirgan, Kiyevga ishonib bo‘lmasligidan xavfsiragan. Ammo 2015-yilda Ukraina harbiy razvedkasining o‘sha paytdagi rahbari Valeriy Kondratyuk ogohlantirishsiz o‘ta maxfiy fayllarni MRB vakiliga bergan, shundan keyin Ukraina razvedkasi “ishonch sharoitlarini yaratish” uchun muntazam maxfiy axborotni taqdim etib kelgan.

“AQSHning Kiyevdagi elchixonasi — Ukrainada turib amalga oshirilgan faoliyatimiz uchun bizning bazamiz — Rossiya haqidagi ma’lumotlarning, signallarning eng yaxshi manbasiga aylandi”, — deya aniqlik kiritdi amerikalik sobiq yuqori mansabli amaldor.

Rossiya hukumati Moskva Kiyev G‘arb mamlakatlaridan razvedka ma’lumotlari olishidan xabardor ekanini aytgandi. Prezident matbuot kotibi Dmitriy Peskov bu harbiy operatsiya maqsadlariga erishishda xalal bermasligini ta’kidlagan.

Rossiya prezidenti Vladimir Putin 2014-yilda Ukrainada “MRB ko‘magi bilan” hokimiyat almashganini qayd etgandi.

If you have found a spelling error, please, notify us by selecting that text and pressing Ctrl+Enter.