AQSH Rossiya koinotga yadro qurolini joylashtirishi yuzasidan ishonchi komil emas — NYT
AQSH Rossiyaning sun’iy yo‘ldoshlarni ishdan chiqarish uchun orbitaga yadro qurolini joylashtirish bo‘yicha rejalari yuzasidan o‘z tahlillariga ishonchi unchalik komil emas. Bu haqda The New York Times o‘z manbalariga tayanib xabar berdi.
Nashrning AQSH tomonidan ittifoqdoshlariga yuborilgan axborot bilan tanish ikki suhbatdoshiga ko‘ra, prezident Vladimir Putin bu hatto Rossiya qurilmalarini xavf ostida qoldirsa ham, shunchaki sun’iy yo‘ldoshlar faoliyatini yoppasiga izdan chiqarish tahdidini yangi tiyib turish vositasi deb hisoblashi mumkin. Manbalarga qaraganda, 2022-yil boshida Moskva shunday tizimni sinab ko‘rgan bo‘lishi mumkin, ammo u haqiqiy bo‘lgani yuzasidan shubhalar bor.
Gazeta qayd etishicha, AQSHning xavotiri shunchalik kuchliki, davlat kotibi Entoni Blinken Xitoy va Hindistonni ularning sun’iy yo‘ldoshlariga nisbatan xavf haqida ogohlantirgan. Shuningdek, Vashington o‘z ittifoqdoshlariga Moskva o‘z qurolini bu yil ishga tushira olmasligini, ammo bezarar “qalbaki” jangovar kallakni joylashtirishi mumkinligini bildirgan.
Rossiya tomonidan koinotga yadro quroli joylashtirilishi xavfi haqida Amerika OAVlari va siyosatchilari o‘tgan hafta boshidan buyon gapirib kelmoqda. Xususan, 15-fevral kuni AQSh Kongressi Vakillar palatasining Razvedka bo‘yicha qo‘mitasi raisi respublikachi Mayk Tyorner bayonot e’lon qilib, “milliy xavfsizlikka jiddiy tahdid” haqida ogohlantirdi va AQSh prezidenti Jo Baydendan ushbu “tahdid”ga taalluqli “barcha ma’lumotlarni oshkor etish”ni talab qildi.
Keyinroq ABC News kanalining manbalari razvedka ma’lumotlari Rossiyaning koinotga yadro quroli joylashtirish rejalari bilan bog‘liqligini bildirdi. “Gap uni Yerga tashlash haqida emas, balki sun’iy yo‘ldoshlarga qarshi qo‘llash ehtimoli haqida bormoqda”, — deb yozdi nashr.
Kreml esa Moskvaning kosmosdagi yangi yadro salohiyati haqidagi AQShning ogohlantirishini rad etib, buni “yomon niyatli uydirma” va Oq uyning amerikalik qonunchilardan Rossiyaga qarshi kurashish uchun ko‘proq mablag‘ni tasdiqlatishga qaratilgan hiylasi deb atadi.
Pentagon esa Rossiya tufayli deyarli har hafta sun’iy yo‘ldosh uchirishga va’da berdi.
Sharhlar