DXRda halok bo‘lgan 68 nafar rossiyalik harbiylar ro‘yxati tasdiqlandi

Фото: ВВС

“Vajniye istorii” nashri Donetsk xalq respublikasida halok bo‘lgan 68 nafar rossiyalik harbiylar ro‘yxatini tasdiqladi.

Nashr ma’lumotlariga ko‘ra, harbiylarning barchasi Baykalortidagi 06705-harbiy qismda ro‘yxatdan o‘tgan va 36-motoo‘qchilar brigadasida xizmat o‘tagan.

Ro‘yxatning haqiqiyligini ushbu qismda xizmat qiluvchi harbiy nashrga tasdiqlab bergan. Uning so‘zlariga ko‘ra, 20-fevral kuni Ukraina qurolli kuchlari zarbasi shunchalik kuchli bo‘lganki, “hamma narsa uchib ketgan”. Yaradorlarning bir qismi Rostov-Dondagi kasalxonaga yuborilgan.

“Vajniye istoriy”, shuningdek, halok bo‘lgan harbiylarning ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarini topgan — ularning barchasi hujum kuni so‘nggi marta onlayn bo‘lgan. Ularning postlariga izohlarda odamlar hamdardlik so‘zlarini yozib qoldirmoqda.

Eslatib o‘tamiz, 21-fevral kuni Ukrainaning Volnovaxa shahri yaqinidagi poligon HIMARS yordamida o‘qqa tutilgani, oqibatda o‘nlab rossiyalik harbiylar halok bo‘lgani xabar berilgandi. 65 nafar qurbon haqida ma’lum qilingandi, ammo Baykalorti o‘lkasi gubernatori bu raqamlar oshirib ko‘rsatilganini da’vo qilgandi.

If you have found a spelling error, please, notify us by selecting that text and pressing Ctrl+Enter.