AQSHda shifokorlar venaga tusha olmagani uchun seriyali qotilni qatl qilish jarayoni to‘xtatildi

Tomas Krich. Foto: CNN

AQSHning Aydaxo shtatida shifokorlar inyeksiya qilish uchun vena tomiriga tusha olmagani sababli, seriyali qotil Tomas Krichni qatl qilish jarayoni to‘xtatildi, deb xabar bermoqda CNN shtat axloq tuzatish muassasalari departamentiga tayanib.

Tibbiy brigada sakkizta urinishdan keyin ham kateter o‘rnata olmaganidan so‘ng, 28-fevral kuni 11:00 atrofida (Toshkent vaqti bilan 23:00) qatlni “davom ettirish imkonsiz” deb topildi. Departament direktori Josh Tevaltning aytishicha, o‘lim jazosini ijro etish muddati o‘tib ketgani sababli, Krich kameraga qaytariladi. “Davlat keyingi qadamlarni o‘ylab ko‘radi”, — deya xulosa qildi u.

Krichning advokatlari hodisa yuzasidan norozilik bildirdi va Aydaxoning “shu paytgacha yetarlicha azob chekishga ulgurgan bu beozor qariyani o‘ldirishga urinishlari”ni bema’nilik deb atadi. Mahkumning advokatlari bir necha kun avval AQSH Oliy sudiga murojaat qilib, uni qatl etishda qo‘llash rejalashtirilgan pentobarbital preparatining kelib chiqishi haqida yetarlicha ma’lumot yo‘qligi ustidan shikoyat qilganini eslatdi. Krich ushbu dori “ishonchli bo‘lmagan yetkazib beruvchilar”dan kelib tushgani yuzasidan xavotirlangan.

Asli ogayolik Krich Aydaxodagi qat’iy rejimli qamoqning o‘limga mahkum etilganlar kamerasida 50 yildan ortiq vaqt davomida saqlanmoqda. U uchta shtatda beshta qotillikni amalga oshirishda aybdor deb topilgan. Bundan tashqari, Krich yana kamida 6 ta qotillikni amalga oshirganlikda gumonlanmoqda. Sud materiallariga ko‘ra, jinoyatchi kamida 26 kishini o‘ldirganini yoki o‘ldirishda ishtirok etganini tan olgan.

Umrbod qamoq jazosiga hukm qilingan paytida, 1981-yilda Krich o‘z kameradoshi Devid Jensenni batareyalar bilan to‘ldirilgan paypoq yordamida urib o‘ldirgan. U o‘z aybiga iqror bo‘lgan va bir yildan keyin o‘lim jazosiga hukm qilingan.

If you have found a spelling error, please, notify us by selecting that text and pressing Ctrl+Enter.