Pentagon Ukraina uchun qurol ishlab chiqarish bo‘yicha 6 mlrd dollarlik shartnomalarni tayyorlamoqda
AQSH Ukrainaga yangi harbiy yordam paketi doirasida Amerika korxonalari bilan 6 milliard dollarga qurol va texnika ishlab chiqarish bo‘yicha shartnomalar imzolashni rejalashtirmoqda, deb yozadi Politico. Nashr ma’lumotlariga ko‘ra, shartnomalar bugun, 26-aprel kuniyoq tasdiqlanishi va e’lon qilinishi mumkin.
Yetkazib berishlar Patriot havo hujumiga qarshi mudofaa tizimlari va NASAMS zenit-raketa majmualari uchun o‘q-dorilar, artilleriya o‘q-dorilari, uchuvchisiz uchar qurilmalar va ularga qarshi kurash vositalari, shuningdek, “havo — havo” sinfidagi raketalarni o‘z ichiga olishi taxmin qilinmoqda. Biroq aniqlik kiritilishicha, ushbu qurollarni yetkazib berishga bir necha yil ketadi, chunki ularni ishlab chiqarish uchun shuncha vaqt kerak.
Pentagon gazeta xabarini izohlar ekan, Ukrainaga xavfsizlik sohasida yordam taqdim etilishi yuzasidan aytiladigan hech qanday gap yo‘qligini bildirdi.
Eslatib o‘tamiz, AQSH Senati 24-aprel kuni Ukrainaga 61 milliard dollar ajratilishini ma’qulladi. O‘sha kuniyoq bu qonun loyihasi Amerika prezidenti Jo Bayden tomonidan imzolandi. Pentagonda aniqlik kiritishlaricha, qurolning bir qismi Ukrainaga yaqin kunlarda Polshadan yetkaziladi.
Sharhlar