AQSH Ukraina harbiy yordamsiz o‘z shaharlarini topshirishga majbur bo‘lishi haqida ogohlantirdi
Agar Vashington harbiy yordamni uzaytirish haqida qaror qabul qilmasa, Ukraina qaysi shaharlarni ushlab qolish haqida qarorlar qilishga majbur bo‘ladi. Bu haqda Pentagon rasmiy vakili Sabrina Singx ma’lum qildi.
“Agar qo‘shimcha moliyalashtirish bo‘yicha so‘rov ma’qullanmasa, Pentagon arsenallaridan bu o‘ta muhim paketlarni taqdim eta olmaymiz, shunda Ukraina tanlov qilib, o‘zida bor vositalar yordamida qaysi shaharlarni saqlab qola olishi haqida qaror qabul qilishiga to‘g‘ri keladi”, — dedi Singx.
U Vakillar palatasini Ukraina 61,4 milliard dollarlik qo‘shimcha harbiy yordam paketini zudlik bilan ma’qullashga chaqirdi.
“Agar tajovuzkor (agressor) o‘z qo‘shnisi hududiga bostirib kirib, jazosiz qolayotgan bir paytda AQSH bir chekkada qarab tursa, tajovuzkor o‘z yo‘lida davom etadi, Vladimir Putin bilan bog‘liq vaziyatda esa bu butun Yevropa xavf ostida qolishini anglatadi”, — deya ta’kidladi Singx.
Sharhlar