AQSH uyg‘urlarga aloqador taqiqlangan detallar tufayli minglab Porsche va Bentley avtomobillarini musodara qildi
AQSH hukumati Xitoyning asosan uyg‘urlar yashaydigan g‘arbiy qismida tayyorlangan detal tufayli, minglab Porsche, Bentley va Audi avtomobillarini musodara qildi, deb xabar beradi Financial Times manbalariga tayanib. Ushbu detal uyg‘ur millati vakillarining majburiy mehnatga jalb etilishi oldini olish to‘g‘risidagi qonun tufayli taqiqlangan.
Porsche, Bentley va Audi’ni yetkazib beruvchi Volkswagen guruhi avtomobillarda taqiqlangan detal borligini aniqlagan, shundan so‘ng AQSH portlarida barcha avtomobillar musodara qilingan. Nashr manbalariga ko‘ra, dastlab Volkswagen vositachi orqali yetkazib berilgan detalning qayerdan kelgani haqida bilmagan. Gap aynan qanday qism haqida borayotganiga aniqlik kiritilmadi.
Nashr ma’lumotlari bo‘yicha, mingdan ortiq Porsche sport va yo‘ltanlamas avtomobillari, bir necha yuzlab Bentley va bir necha mingta Audi avtomobillari musodara etilgan. Volkswagen vakili gazetaga ma’lum qilishicha, agar surishtiruv yakunlariga ko‘ra jiddiy qonunbuzarliklar aniqlansa, guruh yetkazib beruvchilar bilan aloqalarni to‘xtatishi mumkin.
2021-yilda qabul qilingan, uyg‘urlarning majburiy mehnatga jalb etilishi oldini olish to‘g‘risidagi qonunga muvofiq, AQSHga Xitoyning Shinjon va boshqa hududlarida majburiy mehnatdan foydalanib ishlab chiqarilgan mahsulotlarni olib kirish taqiqlangan.
Uyg‘urlar Shinjon-Uyg‘ur muxtor viloyatida yashaydi, ularning ko‘pchiligi musulmon. Xitoy hukumati Shinjonda xalqaro terrorchilar tashkilotiga aloqador ayirmachilar guruhlari faoliyat olib boradi, deb da’vo qiladi. Hududda, shuningdek, maxsus uyg‘urlarni “qayta tarbiyalash lagerlari” ish yuritgan. BMT ma’lumotlariga ko‘ra, 2018-yilda ushbu lagerlarda 1 millionga yaqin, 2019-yilda esa 3 million nafar uyg‘urlar saqlangan.
Sharhlar