AQSH Falastinni BMTga qabul qilish haqidagi loyihani bloklab qo‘ydi

Foto: “RIA Novosti”

BMT Xavfsizlik kengashida Falastinni tashkilotning to‘la huquqli a’zosi sifatida qabul qilish to‘g‘risidagi rezolyutsiya loyihasi bo‘yicha ovoz berishda AQSH veto huquqini qo‘lladi, deb yozadi “Kommersant”.

Loyiha Jazoir tomonidan taqdim etilgan edi. Uni yoqlab Xavfsizlik kengashining 12 a’zosi, shu jumladan, Rossiya va Xitoy ovoz berdi. Shveysariya va Buyuk Britaniya betaraf qoldi, faqat AQSH qarshi chiqdi.

AQSH ushbu qarorni Falastin ma’muriyati talab etilayotgan islohotlarni olib bormayotgani tufayli qabul qilgan. Shuningdek, HAMAS tashkilotining G‘azodagi ta’siri ham qayd etilgan.

Mamlakatni BMTga qabul qilish haqidagi qaror Bosh Assambleya tomonidan Xavfsizlik kengashi tavsiyalariga ko‘ra qabul qilinadi. Tavsiya etilish uchun mamlakat arizasini Xavfsizlik kengashining 15 a’zosidan 9 tasi ma’qullashi kerak, shuningdek, beshta doimiy a’zosidan hech biri qarshi chiqmasligi kerak. Shundan keyin masala Bosh Assambleyada ko‘riladi, u yerda ariza ovozlarning uchdan ikki qismini to‘plashi kerak.

Falastin 2011-yildayoq BMTga to‘la huquqli a’zo sifatida qo‘shilish uchun ariza bergan, ammo o‘shanda Xavfsizlik kengashi tomonidan qo‘llab-quvvatlanmagan edi. 2024-yil 4-aprelda Malta Falastinning o‘z arizasi ko‘rib chiqilishini qayta boshlash haqidagi iltimosini qondirdi.

If you have found a spelling error, please, notify us by selecting that text and pressing Ctrl+Enter.