Armaniston Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkilotidagi ishtirokini “muzlatib qo‘ydi”

Foto: “RIA Novosti”

Armaniston bosh vaziri Nikol Pashinyan France 24 kanaliga bergan intervyusida mamlakat Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkilotidagi ishtirokini “muzlatib qo‘ygani”ni, chunki ushbu shartnomaning mamlakatga nisbatan shartlari bajarilmaganini aytdi. Ayni vaqtda Gyumridagi Rossiya harbiy bazasini yopish masalasi “kun tartibida emas”, dedi u.

Shuningdek, Pashinyan Rossiya hukumati bir necha oy avval “Armaniston aholisini hokimiyatni to‘ntarishga ochiqdan-ochiq da’vat etgani”ni qo‘shimcha qildi. Shaxsan unga qarshi qaratilgan Rossiya propagandasi ham davom etayotganini qayd etdi.

Bundan tashqari, u safarbarlikdan qochib kelgan rossiyalik Dmitriy Setrakovning Armanistonda qo‘lga olinishini odam o‘g‘irlanishi deb atadi. Dekabrda u Gyumrida rossiyalik harbiylar tomonidan ushlangan, so‘ng u Rossiyaga olib ketilgan edi. Setrakovga nisbatan jinoyat ishi ochilgani xabar berilgandi.

“Biz o‘z hududimizdagi noqonuniy harakatlarga toqat qilolmaymiz”, — dedi Nikol Pashinyan. Shuningdek, u “agar Yerevanning talablari javobsiz qoladigan bo‘lsa”, buning “oqibatlari” bo‘lishi haqida ogohlantirdi.

If you have found a spelling error, please, notify us by selecting that text and pressing Ctrl+Enter.