Putin Rossiya va KXDR aloqalari uchun asos bo‘ladigan hujjat tayyorlanganini aytdi
Rossiya prezidenti Vladimir Putin KXDR rahbari Kim Chen In bilan muzokaralar boshida Rossiya va Shimoliy Koreya munosabatlari asosini tashkil qiladigan yangi hujjat tayyorlangani haqida ma’lum qildi, deb yozadi “Kommersant”. Putin hech qanday tafsilotlarni keltirib o‘tmadi, ammo hujjat ko‘p yillik davr uchun mo‘ljallanganiga aniqlik kiritdi.
“O‘tgan yili sizning Rossiyaga tashrifingiz natijasida biz bugungi kundagi davlatlararo aloqalarimiz qurilishida ahamiyatli darajada ilgariladik. Bugun esa uzoq muddatli istiqbolda aloqalarimiz asosida yotadigan yangi fundamental hujjat tayyorlab qo‘yildi”, — dedi Rossiya prezidenti.
Ikki mamlakat yetakchilarining keng tarkibdagi muzokaralari Pxenyandagi Kimsusan qarorgohida o‘tkazilib, bir yarim soatdan ko‘proq davom etdi. Ikkala yetakchi ham matbuot uchun qisqa bayonotlar bilan chiqish qildi, shundan so‘ng ular yuzma-yuz muloqot qilmoqchi. Vladimir Putin Shimoliy Koreyaga kecha, 18-iyun kuni yetib keldi, uning tashrifi ikki kun davom etadi.
Sharhlar