Hindistonning eng boy odami o‘g‘li uchun 350 mln dollarlik to‘y qilmoqda
Hindistonning eng boy odami — 67 yoshli Mukesh Ambani o‘g‘li Anant Ambanini uylantirmoqda, deb yozadi “Zakon.kz”. To‘y bugun, 12-iyul kuni boshlanib, uch kun davom etadi. Dabdabali tadbirga 350 million dollar sarflanmoqda.
Ambanilarga Encore Healthcare yirik farmatsevtika kompaniyasi xo‘jayinining qizi Radxika Merchant kelin bo‘lmoqda.
Ta’kidlanishicha, to‘y tantanalari futbol maydonidan 12 barobar kattaroq hududda tashkil qilinmoqda, buning uchun hattoki ushbu tumandagi yo‘l harakati to‘sib qo‘yiladi.
Shuningdek, mehmonlar ro‘yxati Hindiston bosh vaziri Narendra Modi, vazirlar va parlament deputatlaridan tashqari, Bollivud yulduzlarini hamda opa-singil Kardashyanlarni ham o‘z ichiga oladi. Mehmonlarni olib kelish uchun Ambani uchta Falcon 2000 samolyotini yollagan.
Tadbir uchun jami 100 dan ortiq xususiy samolyot jalb etiladi.
Bundan tashqari, to‘ydan avval ham qimmatbaho tantanalar o‘tkazildi. Dastlab, kelin-kuyov Hindistonda uch kunlik hashamatli bayram tashkil qildi, unga Hillari Klinton, Bill Geyts, Mark Sukerberg, Ivanka Tramp va boshqa mashhurlar tashrif buyurdi.
Shundan keyin esa juftlik mingdan ortiq odamni O‘rtayer dengizi bo‘ylab yaxtada sayohatga taklif qildi. Ushbu to‘y allaqachon “asr to‘yi” deb atalmoqda.
Sharhlar