AQSH shu hafta Ukrainaga ATACMS raketalarini yuborishi mumkin
AQSH Kongressi Senatining razvedka bo‘yicha qo‘mitasi rahbari Mark Uorner 21-aprel kuni ma’lum qilishicha, Ukraina avvalroq Vakillar palatasi tomonidan qabul qilingan qonun loyihasiga muvofiq, kelasi haftadayoq yangi qurol-yarog‘ partiyasini qo‘lga kiritishi mumkin. Yordam paketiga ATACMS taktik raketalari ham kiradi, deb yozadi “Kommersant”.
“AQSH prezidenti Jo Bayden Kongress o‘z ishini bajarishiga ishonch hosil qilib qonun loyihasini imzolashi bilan, ushbu qurol-yarog‘lar hafta oxirigacha yuborilishini bizga ma’lum qilishdi”, — dedi senator CBS telekanali efirida.
Uning so‘zlariga ko‘ra, yordam paketiga uzoq masofali qurol-yarog‘lar, shu jumladan, ATACMS raketalari kiritiladi, bu qonun loyihasida qayd etilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq ko‘pchilik respublikachilar tomonidan nazorat qilinuvchi Vakillar palatasi Ukrainaga Rossiya muzlatilgan aktivlarini berish, shuningdek, Ukraina, Isroil va Tayvanga harbiy yordam taqdim etishni o‘z ichiga oluvchi majmuali qonun loyihasini qabul qilgandi. Unga muvofiq, Ukrainaning harbiy ehtiyojlariga 61 milliard dollar sarflanadi.
Sharhlar