Avdeyevkadan chekinishda ming nafargacha ukrainalik harbiylar asirga tushgan bo‘lishi mumkin — NYT
Ukraina Qurolli kuchlari Donetsk viloyatidagi Avdeyevka shahridan chekinayotgan vaqtida UQKning ming nafargacha askari asirlikka tushgan bo‘lishi mumkin, deb yozadi The New York Times harbiylar va G‘arbning yuqori mansabli amaldorlari hisob-kitoblariga tayanib.
Asirga tushgan va bedarak yo‘qolgan ukrainalik harbiylar soni bo‘yicha taxminlar farqlanmoqda. Nashr suhbatlashgan ikki askar 850 dan ming nafargacha diapazondagi raqamlarni aytgan. G‘arb mansabdorlari fikricha bu hisob-kitob to‘g‘ri.
Gazeta suhbatdoshlariga ko‘ra, Avdeyevka qo‘ldan boy berilishining o‘zi yirik strategik mag‘lubiyat bo‘lmagan, ammo katta sonli asirlarning qo‘lga olinishi bu vaziyatni o‘zgartirishi mumkin, chunki qo‘shinlardagi ruhiy kayfiyat muvaffaqiyatsiz qarshi hujumdan keyin tushib bormoqda va shu munosabat bilan Ukraina armiyasi yangi askarlarni qabul qilish bilan bog‘liq muammoni boshidan kechirmoqda.
G‘arb mansabdorlari fikricha, Ukraina qo‘shinlarining olib ketilishi yaxshi rejalashtirilmagan va kech boshlangan. Bunday katta sonli askarlarning asirga tushishiga esa marralarda boshlangan tartibsizlik sabab bo‘lgani aytilmoqda. Vaziyatni Rossiya qo‘shinlari shaharni uch tomondan o‘rab olgani murakkablashtirgan. Bundan tashqari, ukrainalik harbiy xizmatchilar aytishicha, chekinish vaqtida aloqa bilan muammolar kuzatilgan, shu sababli askarlar asirga tushgan yoki jang maydonida yarador va o‘lik holda qolib ketgan.
UQKning “Tavriya” guruhi spikeri Dmitriy Lixovoy yuzlab harbiylar asirga tushganini rad etmoqda. U buni dezinformatsiya deb atadi, biroq “muayyan sondagi” askarlar bedarak yo‘qolganini tan oldi.
Rossiya Mudofaa vazirligi UQK Avdeyevkadan olib ketilayotganida asirga olingan ukrainalik askarlar soni haqida rasman xabar bermagan. Ukraina Mudofaa vazirligi ham asirlar soni haqidagi xabarlarga izoh bergani yo‘q.
Avdeyevkadan qo‘shinlarning olib ketilayotgani haqida Ukraina hukumati 17-fevralga o‘tar kechasi xabar qilgandi. “Avdeyevka atrofida yuzaga kelgan tezkor sharoitni hisobga olib, qurshovda qolib ketmaslik hamda harbiy xizmatchilar hayoti va sog‘lig‘ini saqlab qolish maqsadida, bo‘linmalarimizni shahardan olib ketib, boshqa, ahamiyati bundan kam bo‘lmagan marralarda mudofaaga o‘tish haqida qaror qildim”, — degan edi Sirskiy o‘shanda.
Sharhlar