Afg‘onistonda ayollar xiyonat qilganlik uchun toshbo‘ron qilib o‘ldiriladigan bo‘ldi
“Tolibon” harakatining oliy yetakchisi Haybatullo Oxunzoda Afg‘oniston xiyonat qilganlik uchun ayollarni omma oldida savalash va toshbo‘ron qilib o‘ldirish usuliga qaytishini e’lon qildi, deb yozadi “RBK”.
U buni ayollar huquqlarining buzilishi deb hisoblaydiganlarni “shaytonning xizmatchilari” deb atadi.
Toliblar yetakchisi omma oldidagi qatllarga qaytish orqali G‘arb ta’siriga qarshi kurash davom ettirilishini ta’kidladi.
Afghan Witness loyihasi ma’lumotlariga ko‘ra, “Tolibon” hokimiyat tepasiga kelganidan keyin ular tomonidan tayinlangan sudyalar omma oldida savalash va jazolash haqida jami 417 ta qaror chiqargan bo‘lib, shularning 57 tasi ayollarga nisbatandir.
2021-yil avgustida AQSH boshchiligidagi G‘arb koalitsiyasi Afg‘onistondan o‘z harbiylarini olib ketganidan keyin toliblar yana hokimiyat tepasiga kelgan edi. Shundan so‘ng ular shafqatsiz qonunlar o‘rnata boshladi. Xususan, ayollarga o‘rta maktabda o‘qish, universitetlarda tahsil olish, parklarda erkaklar bilan bir kunda sayr qilish, ko‘chaga burqasiz chiqish, jamoat hammomlariga, sport zallariga borish, mashinaga hijobsiz o‘tirish va hamrohsiz yurish, savdo markazlarida ishlash va go‘zallik salonlariga borish taqiqlandi.
Sharhlar