Yevropada NATOning muqobilini tashkil etish muhokama qilinmoqda — WP

Foto: Reuters

Yevropa mamlakatlari Donald Trampning AQSH prezidenti saylovlaridagi ehtimoliy g‘alabasiga tayyorlanmoqda. Ular AQSHsiz faoliyat olib borishi mumkin bo‘lgan “NATOga qo‘shimcha tashkilot” tuzish imkoniyatini o‘rganmoqda, deb yozadi The Washington Post o‘z manbalariga tayanib.

Yevropalik mansabdorlar Tramp Rossiya hujum qilgan taqdirda, NATO mamlakatlarini himoya qilmaslik haqida tahdid qilganini gapirib berganidan keyin Shimoliy Atlantika alyansi muqobilini yaratishni muhokama qila boshladi. Taxmin qilinishicha, yangi tuzilma butun qit’ani qamrab oladi, AQSHning xavfsizlik sohasidagi kafolatlari bilan hamkorlikda ishlaydi, ammo shu bilan birga, “AQSH o‘z kafolatlarini qaytarib oladigan bo‘lsa, ishonchli muqobil bo‘lib xizmat qila oladi”.

Gazeta yozishicha, muhokama chog‘ida tortishuvlar ham bo‘lgan. Fransiya va Germaniya “hisoblarni kim to‘lashi” borasida kelishib ololmayapti, Sharqiy Yevropa Rossiya tomonidan tahdidlarga javob qaytarish bo‘yicha G‘arbiy Yevropaga ishonmayapti. Bundan tashqari, Yevropa mamlakatlari o‘zlarini yadro qalqoni bilan qanday ta’minlashi ham tushunarsiz. Ular buni bajargan taqdirda ham, u “voqealarning eng yomon rivoji, ya’ni yadro urushi yuz bergan taqdirda Rossiya arsenaliga yon beradi”, deb yozadi WP.

Nashr ma’lumotlariga ko‘ra, yevropalik yetakchilar va mansabdorlar xavfsizlik masalalarida Donald Tramp va uning ittifoqdoshlari bilan hamkorlik qilish zaruriyatini anglayapti, ammo buni “katta qiyinchilik bilan” eplamoqda. Ular respublikachi “transatlantik munosabatlarga xavf solgan” davrlarga qaytilishidan xavfsiramoqda. Yevroittifoq mamlakatlarining ba’zi vakillari Tramp atrofidagilar va uning tarafdorlari bilan aloqalarni yo‘lga qo‘yishga intilmoqda. Masalan, NATO bosh kotibi Yens Stoltenberg AQSHga safari chog‘ida “Tramp bilan do‘stona aloqada bo‘lgan” “Meros” konservativ fondida nutq so‘zlab, Alabama shtatidagi Lockheed Martin korxonasiga tashrif buyurgan va bu bilan qanchalik ko‘p ittifoqchilar AQSH ishlab chiqaruvchilaridan qurol sotib olayotganiga urg‘u berishga uringan edi.

If you have found a spelling error, please, notify us by selecting that text and pressing Ctrl+Enter.