Papua—Yangi Gvineyada qabilalararo to‘qnashuvlarda 50 dan ortiq odam halok bo‘ldi

Foto: EPA

Papua—Yangi Gvineyaning baland tog‘li hududlarida yuz bergan qabilalararo to‘qnashuvlarda kamida 53 kishi halok bo‘ldi, deb yozadi “Kommersant”. Bu yangi tarix davrida baland tog‘li tumanlarda yuz bergan eng ommaviy qotillik bo‘lishi mumkin.

Hodisa Enga provinsiyasida sodir bo‘lgan. Politsiya taxmin qilishicha, bir qabila odamlari ittifoqdoshlari va yollanma jangchilar bilan birgalikda qo‘shni qabilaga hujum qilish uchun borgan, ammo pistirmaga tushib qolgan, ularni otib tashlashgan.

Jasadlar politsiya yuk mashinalariga ortilib, kasalxonaga keltirilgan. Halok bo‘lganlar soni oshishi mumkin, chunki jasadlarni qidirish va sanash davom etmoqda. Qurbonlar soni 60-65 kishigacha ortishi kutilmoqda.

“Bu biz, provinsiyadagilar uchun juda achinarli, mamlakat uchun esa yomon hodisa”, — dedi Enga provinsiyasi gubernatori Piter Ipatas. “Biz bu jang davom etishini bilgandik va choralar ko‘rib, uning oldini olish uchun o‘tgan hafta xavfsizlik kuchlarini ogohlantirgan edik”, — deya qo‘shimcha qildi u.

Nashr eslatishicha, Enga provinsiyasi 2023-yilda qabilalararo to‘qnashuvlar tufayli bir necha oy muddatga qamal qilingan edi. Politsiya hududga o‘qotar qurol va o‘q-dorilar olib kirilishini to‘xtatishga uringandi.

If you have found a spelling error, please, notify us by selecting that text and pressing Ctrl+Enter.