Bayden Navalniyning o‘limi uchun Rossiyaga yangi sanksiyalar bilan tahdid qildi
AQSH prezidenti Jo Bayden rossiyalik muxolifatchi Aleksey Navalniyning vafoti munosabati bilan chiqish qildi, deb yozadi “Kommersant”. U siyosatchining oilasiga hamdardlik izhor etdi. Bayden hodisa uchun javobgarlikni Rossiya hukumati zimmasiga yukladi va AQSH Rossiyaga qarshi sanksiyalarni kuchaytirish chorasini ko‘rib chiqayotganini aytdi.
“U korrupsiya, zo‘ravonlik va Putin hokimiyati tomonidan amalga oshirilayotgan barcha yomon ishlarga mardona qarshilik ko‘rsatib kelgandi”, — dedi Bayden. Shuningdek, u Aleksey Navalniy bilan yuz bergan voqeaga oid aniq ma’lumotlar yo‘qligini aytdi. “Agar uning o‘limi haqidagi yangilik tasdiqlansa, hech qanday shubha yo‘qki, uning vafotida Putin aybdor, undan boshqa hech kim emas”, — dedi Jo Bayden.
2021-yilda Jo Bayden Aleksey Navalniy vafot etgan taqdirda, bu Rossiya uchun “halokatli oqibatlar”ga ega bo‘lishini aytgandi. Hozirgi nutqida esa Amerika prezidenti AQSH hukumati “bir qator variantlarni ko‘rib chiqayotgani”ni ma’lum qildi.
“U 2020-yilda unga nisbatan uyushtirilgan vas al qolsa umriga zomin bo‘lgan suiqasddan keyin quvg‘inlikda xavfsiz yashashi mumkin edi. U ishini davom ettirgan taqdirda, uni qamab qo‘yishlari yoki o‘ldirishlarini bilgan holda Rossiyaga qaytib keldi. Lekin u baribir shunday qildi. Chunki u o‘z mamlakatiga, Rossiyaga chuqur ishonardi”, — deya ta’kidladi Bayden.
U, shuningdek, muxolifatchining o‘limi haqidagi xabarlar AQSHni Ukrainaga mablag‘ ajratishga undashi kerakligini aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, “moliyalashtirishga qodir bo‘lmaslik hech qachon unutilmaydi”.
Eslatib o‘tamiz, 16-fevral kuni Yamal-Nenetsk muxtor okrugi bo‘yicha Jazolarni ijro etish federal xizmati Aleksey Navalniy Xarp qishlog‘idagi “Polyarniy volk” koloniyasida vafot etganini ma’lum qildi. Muassasa talqiniga ko‘ra, siyosatchi sayrdan keyin o‘zini yomon his qilgan. RT propaganda telekanalining manbasi Navalniy o‘limining sababini tromb uzilib ketishi bilan izohladi.
Sharhlar