Bayden Ukrainaga qurol-yarog‘ yetkazishni shu haftadayoq boshlashga va’da berdi
AQSH prezidenti Jo Bayden Ukraina qurolli kuchlariga qurol yetkazib berishni shu haftadayoq boshlash uchun, Kongressning ikkala palatasi tomonidan ma’qullangan, Ukrainaga 61 milliard dollar ajratilishi haqidagi qonun loyihasini ertaga imzolashini ma’lum qildi, deb yozadi “Kommersant”. U Oq uy tomonidan taklif qilingan loyiha uchun ovoz bergan qonun chiqaruvchilarga minnatdorlik bildirdi.
“Ushbu o‘ta muhim qonun xalqimiz va butun dunyoni xavfsizroq qiladi, chunki biz o‘z ittifoqdoshlarimizni qo‘llab-quvvatlayapmiz”, — deyiladi Baydenning Oq uy tomonidan e’lon qilingan bayonotida.
Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy Senatga va mamlakatni qo‘llab-quvvatlashda davom etayotgan Amerika fuqarolariga minnatdorlik bildirdi.
Eslatib o‘tamiz, AQSH Kongressi Senati Vakillar palatasidan keyin Ukrainaga 61 milliard dollarlik yordam ajratilishini ko‘zda tutuvchi qonun loyihasini ma’qulladi. 2023-yil oktabridan buyon qabul qilinolmay turgan qonun loyihasi 61 milliard dollar ajratilishini ko‘zda tutadi, shuning 20 milliardi Amerika zaxiralarini to‘ldirishga, 14 milliardi esa qurol-yarog‘ sotib olishga ketadi. Vakillar palatasi qonun loyihasini 20-aprel kuni ma’qulladi. Bundan tashqari, AQSH hukumati Ukrainaga 1 milliard dollarlik yangi yordam paketini tayyorlamoqda.
Sharhlar