AQSH Senati Ukrainaga 61 mlrd dollar ajratilishini ma’qulladi

Foto: Getty Images

AQSH Kongressi Senati Vakillar palatasidan keyin Ukrainaga 61 milliard dollarlik yordam ajratilishini ko‘zda tutuvchi qonun loyihasini ma’qulladi, deb yozadi “Kommersant”. Loyihani yoqlab 79 senator ovoz berdi, 18 kishi qarshi chiqdi. Endi chora-tadbirlar paketi imzolash uchun AQSH prezidenti Jo Baydenga yo‘naltiriladi.

Avvalroq Ukraina, Isroil va Tayvanga ko‘mak taqdim etish bo‘yicha chora-tadbirlar paketi Senatda ovoz berishga qo‘yilgan va 80 nafar senator tomonidan qo‘llab-quvvatlangan edi. Qonun loyihasini muhokama qilish uchun senatorlarda 30 soat vaqt bo‘lgan, ammo ular yakuniy ovoz berishni ertaroq o‘tkazishga qaror qilgan edi.

2023-yil oktabridan buyon qabul qilinolmay turgan qonun loyihasi 61 milliard dollar ajratilishini ko‘zda tutadi, shuning 20 milliardi Amerika zaxiralarini to‘ldirishga, 14 milliardi esa qurol-yarog‘ sotib olishga ketadi. Vakillar palatasi qonun loyihasini 20-aprel kuni ma’qulladi. Bundan tashqari, AQSH hukumati Ukrainaga 1 milliard dollarlik yangi yordam paketini tayyorlamoqda.

Chora-tadbirlar paketiga, shuningdek, Isroilga atalgan 26 milliard dollar ham kiradi, uning 9,1 milliardi gumanitar ehtiyojlarga, 8,12 milliardi esa Hind-Tinch okeani mintaqasiga ajratiladi. Bundan tashqari, tashabbus Rossiya aktivlari musodarasi, Rossiya, Xitoy, Eronga qarshi yangi cheklovlar kiritilishi va TikTok taqiqlanishi haqidagi nizomlarni ham o‘z ichiga oladi.

If you have found a spelling error, please, notify us by selecting that text and pressing Ctrl+Enter.