Bayden va uning rafiqasi 2023-yilda 620 ming dollar ishlab topdi
AQSH prezidenti Jo Bayden va uning rafiqasi Jill 2023-yilda 620 ming dollar ishlab topgan, deb yozadi “Kommersant”. Bu haqda Oq uy soliq deklaratsiyalariga tayanib ma’lum qildi. Ushbu summadan 146,6 mingini Baydenlar federal daromad solig‘i sifatida to‘lagan (stavka 23,7%).
30,9 ming dollar mablag‘ni Jo Bayden va uning rafiqasi uylari joylashgan Delaver shtatida soliqlarga to‘lagan. Shuningdek, Jill Bayden Virjiniyada 3,5 ming dollarlik soliqlarni to‘lagan. O‘tgan yilda Baydenlar 17 xil xayriya jamg‘armalariga 20 ming dollar hadya qilgan. Shuning 5 ming dollari ularning marhum o‘g‘li Bo Bayden sharafiga nomlangan jamg‘armaga o‘tkazilgan.
2022-yilda oilaning daromadi 579,5 ming dollarni tashkil etgan edi. Bloomberg qayd etishicha, 2023-yilda daromadlarning oshishi Jill Baydenning maoshi ko‘tarilishi bilan bog‘liq — u Shimoliy Virjiniyadagi jamoat kollejida professordir. Shuningdek, daromadlar ijtimoiy ta’minot nafaqalari oshishi hisobiga ham o‘sgan.
Sharhlar