Parijda Olimpiya o‘yinlari chog‘ida “vaziyatni beqarorlashtirish”ni rejalashtirgan Rossiya fuqarosi qo‘lga olindi
Parijda Olimpiya o‘yinlari chog‘ida “beqarorlashtiruvchi” tadbirlarga tayyorgarlik ko‘rishda gumonlanib, Rossiya fuqarosi qo‘lga olindi, deb yozadi “Kommersant”. 40 yoshli rossiyalik tergov izolyatoriga yuborildi, Parij prokuraturasi surishtiruv boshladi. Erkakning kvartirasida tintuv o‘tkazildi.
Fransiya IIV Ichki xavfsizlik bosh boshqarmasi Rossiya fuqarosini bir necha kun davomida kuzatgan, 21-iyul kuni esa uning kvartirasiga kelib, tintuv o‘tkazishgan va uni izolyatorga jo‘natishgan. 23-iyul kuni unga “Fransiyada nafrat alangasini yoqish maqsadida razvedka ma’lumotlarini xorijiy davlatga uzatish” ayblovi e’lon qilingan.
Ushbu ayblov bo‘yicha erkak 30 yilgacha qamoqqa hukm qilinishi mumkin. Tintuv chog‘ida “beqarorlashtiruvchi operatsiyalar”ga oid “taxminiy rejalar bo‘yicha dalillar” topilgan. Ammo prokuraturada “rejalashtirilayotgan hujum” yoki terrorizm borasida dalillar yo‘q.
Olimpiada Parijda 26-iyul kuni boshlanib, 11-avgustda tugaydi. Fransiya IIV 870 mingta ma’muriy surishtiruvlar olib borgan va uning natijalariga ko‘ra, 3922 kishini tadbirlarga kiritmagan. Shuningdek, ba’zi rossiyalik jurnalistlarning Olimpiadani yoritish haqidagi so‘rovlari rad etilgan.
Sharhlar