Pavel Durov uning 100 dan ortiq biologik farzandlari borligini ma’lum qildi
Telegram messenjeri asoschisi Pavel Durov bir necha yil avval sperma donoriga aylanganini, endi esa uning 12 ta mamlakatda 100 dan ortiq biologik farzandlari borligini aytdi, deb yozadi “Kommersant”. U o‘z farzandlari bir-birini topishi oson bo‘lishi uchun, o‘z DNK-kodini oshkor qilmoqchi.
Pavel Durov o‘z Telegram-kanalida yozishicha, 15 yil avval unga bir do‘sti murojaat qilib, sperma berishni so‘ragan, chunki u rafiqasi bilan farzand ko‘rishda muammolarga duch kelgan. Keyinroq esa klinika rahbari undan anonim tarzda boshqa er-xotinlarga ham yordam berish uchun ko‘proq biologik material topshirishni taklif qilgan. Durovning so‘zlariga ko‘ra, uning o‘zi hech qachon oila qurmagan.
“Mening donorligim sharofati bilan 12 ta mamlakatda yuzdan ortiq oilalar farzandli bo‘ldi. Anchadan buyon donorlik qilmayotgan bo‘lsam-da, EKO klinikalaridan kamida bittasida haligacha mening muzlatilgan biologik materialimdan anonim foydalanilmoqda. Endi esa men o‘z DNK-kodimni oshkor qilmoqchiman, toki mening biologik farzandlarim bir-birini topishi osonroq bo‘lsin”, — deb yozdi Durov.
Sharhlar